Rentabellik (nem. rentabel — daromadli, foydali) — korxona yoki tadbirkorlikning daromaddorligi, samaradorligi; mikroiqtisodiy miqyosdagi iqtisodiy faoliyatning samaradorligi. R. korxona yoki tadbirkorlik faoliyatining moliyaviy natijalarini baholashda qoʻllanadigan asosiy koʻrsatkich. R. foyda olib ishlashning qiyosiy, yaʼni sarf-xarajatlarga nisbatan aniqlanadigan koʻrsatkichi boʻlib foizlarda ifodalanadi. Uzoq muddatli va joriy xarajatlar (mashinauskuna, binolar, inshootlar, xom ashyo, yoqilgʻi, materiallar, butlovchi qismlar, ish kuchi va boshqa sotib olish) mazmunan har xil boʻlganidan ular qanday natija berganligini bilish uchun R.ning 4 ta asosiy koʻrsatkichlari qoʻllanadi.

Bozor iqtisodiyoti sharoitlarida iqtisodiy oʻsishning intensiv omillarini kuchaytirish asosida R.ni oshirishga, foydani maksimumlashtirishga zarur shart-sharoitlar yaratiladi. Bozor talab qilgan xaridorgir tovarlarni ishlab chiqarish, i.ch.ni modernizatsiyalash, xom ashyo va materiallar sarfini qisqartirish, resurslarni tejab-tergab ishlatish asosida joriy harajatlarni kamaytirish, mehnat unumdorligini muttasil oshirib borish, kapital tarkibini shakllantirish (aylanma kapital), mehnat motivatsiyasini kuchaytirish (ishchi-xizmatchilar mehnatini ragʻbatlantirish mehnat unumdorligini oshirishga, tejamkorlikni taʼminlashga intilishni paydo etadi) R.ni oʻstirishning asosiy omillaridir. Bu omillarni qoʻllash korxona darajasida boshqarib boriladi. Shu maqsadda R. monitoringga yuritiladi.

Ahmadjon Oʻlmasov.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil