Repressor (lot. repressor — cheklovchi, toʻxtatib turuvchi) — operondagi genlar transkripsiyasini, hujayrada fermentlar taʼsirini toʻxtatadigan regulyator oqsil. Natijada tegishli RNKning sintezi, binobarin, operon kodlayotgan fermentlarning hosil boʻlishi toʻxtaydi. R. regulyator gen nazorati ostida har bir hujayrada 10— 20 ta molekuladan, faol, yaʼni operator bilan bevosita bogʻlanish imkoniyatiga ega boʻlgan yoki nofaol holatda sintezlanadi. Faol R.ning xrsil boʻlishi indutsital (hujayraga maxsus past molekulali moddalar — induktorlar tushganida sintezlanadigan) fermentlar uchun xos. Induktor R. ga bogʻlanganida R.ning faolligi kamayishi tufayli tegishli fermentning sintezi boshlanadi (induksiya). Nofaol R.lar (aporepressorlar) hosil boʻlishi esa repressobel fermentlar uchun xos. Aporepressor hujayraga past molekulali moddalar (korrepressorlar) tushib qolganida faollashadi. Bunda operon kodlaydigan ferment sintezi toʻxtaydi (repressiya). Odatda, indikator bilan korepressor birgalikda bitta umumiy termin — effektor deb ataladi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil