Reverberatsiya
Reverberatsiya (lot. reverberatio — qaytarish) — yopiq xonada manbadan chiqayotgan yoki qaytgan tovush toʻxtagandan keyin uning birdan soʻnmay, asta-sekin soʻnishi. R. tufayli xonaning har bir nuqtasiga tovush bir vaqtda yetib kelmaydi. Xonaning havo egallagan hajmi juda koʻp xususiy chastotali tebranma tizimlardan iborat. Har bir tebranma tizim xususiy soʻnish koeffitsiyentiga ega (bu koeffitsiyent xonaning oʻlchamiga, shakliga va boshqalarga bogʻliq). Shuning uchun turli chastotali tebranishlar bir vaqtda soʻnmaydi. Berk xonada nutq va muzikaning eshitilishiga R. sezilarli taʼsir etadi.
R. davomiyligi R. vaqtidan iborat boʻlib, bu vaqt ichida tovush intensivligi 106 marta, sathi 60 db ga kamayadi. Xonaning akustik sifatini aniqlashda R. vaqti muhim omil hisoblanadi. Xona qancha katta boʻlsa va uning devorlari tovushni qancha kam yutsa, R. shuncha davomli boʻladi. R. vaqti manbadan chikayotgan tovush toʻxtatilgandan keyin uning soʻnish jarayonini yozib olish yoʻli bilan oʻlchanadi; bunda oʻzi yozadigan logarifmik shkala qoʻllanadi. R. darajasini aniqlash, elektromagnit toʻlqinlarni oʻlchash uchun R. kamerasi (maxsus xona)dan foydalaniladi. Teatrlar va konsert zallarini qurishda R. albatta hisobga olinadi (qarang Akustika).[1]
Manbalar
tahrir
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |