Reyting

oʻquvchi va talabalarning bilimini nazorat qilish va baholash usuli

Reyting (ing. rating) – 1) oʻquvchi va talabalarning bilimini nazorat qilish va baholash usuli. Oʻzbekistonda uzluksiz taʼlim tizimining meʼyoriy hujjati sifatida qabul qilingan. Umumiy oʻrta taʼlim maktablari uchun 1998—2003-yillarda joriy boʻlib kelgan. 2003-yildan maktablarning boshlangʻich sinflarida qayta qoʻllanila boshladi.

Reyting tizimi oliy taʼlimda talabalar bilimini nazorat qilish va baholash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 1999-yil 8-iyundagi, magistrlar bilimini nazorat qilish va baholash uchun 1999-yil 31-dekabrdagi buyrugʻi bilan tasdiqlangan Nizom asosida amalga oshiriladi. Unda semestr boʻyicha muayyan fandan 55% dan kam ball toʻplagan talaba akademik qarzdor, 56—70% ball toʻplagan talaba „oʻrta“, 71—85% ball toʻplagan talaba „yaxshi“, 86% dan yuqori ball toʻplagan talaba „aʼlo“ koʻrsatkichga ega hisoblanadi. Talabalar bilimini nazorat qilish va baholashning reyting tizimi nazoratning 3 turi (joriy, oraliq, yakuniy) da amalga oshirilib, ularning oʻzlashtirishlarini muntazam nazorat etib borish, bilim sifatini baholashda xolislik, aniklik va oshkoralikni taʼminlaydi; 2) faoliyat turining samaradorligi va nufuzini belgilovchi usul. Masalan, sport sohasida sportchi (komanda)ning reyting koʻrsatkichi uning umumiy tasnifdagi oʻrnini belgilab beradi (jahon professional tennischilar reytingi, professional bokschilarning chempionlik uchun finalgacha boʻlgan reyting janglari, futbol boʻyicha terma jamoalar hamda komandalar reytingi, shaxmatchi yoki shashkachi yutuqlarining son bilan ifodalanadigan va musobaqalardagi natijalariga qarab oʻzgarib turadigan shaxsiy koʻrsatkichi va hokazo); 3) siyosat, madaniyat va boshqa sohalardagi taniqli arboblarning jamoatchilik fikrini oʻrganish yoʻli bilan aniqlanadigan mashhurlik darajasi[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil