Rezerv valyuta — mamlakat hukumati va Markaziy banki valyuta, pul mablagʻlari zaxiralarini tashkil etishda, tashqi savdo operatsiyalari va boshqalarda foydalanadigan erkin almashtiriladigan, kurelari boʻyicha gʻoyat barqaror chet el valyutalari.

Rezerv valyutadan koʻpincha davlatlar oʻrtasida xalqaro hisob-kitoblarda hamda tashqi savdo, investitsiya va boshqa operatsiyalar bilan bogʻliq toʻlovlar uchun foydalaniladi.

Rezerv valyuta sifatida faqat erkin almashtiriladigan, istiqbolda barqaror toʻlov qobiliyatiga ega valyutalar tanlab olinadi. Rezerv valyuta — Xalqaro valyuta fondi (XVF) Nizomining 8bandida belgilangan talablarga toʻliq javob bera oladigan hamda mazkur fondning kapitalini toʻldirib borish uchun aʼzo davlatlar tomonidan toʻlovlarni amalga oshirishda foydalaniladigan valyuta turi boʻlishi zarur. Undan tashqari, Rezerv valyuta sifatida jahon iqtisodiyotiga sezilarli taʼsir koʻrsata oladigan, xalqaro iqtisodiy munosabatlarda oʻziga xos mavqega ega mamlakatlarning milliy valyutalari tanlab olinadi.

Xalqaro amaliyotda dollar (AQSH), yevro, Buyuk Britaniya funt sterlingi, Yaponiya iyenasi, Shveysariya frankidan Rezerv valyuta tarzida foydalaniladi. Valyuta kurelaridan koʻrilishi mumkin boʻlgan zararlar boʻyicha xatarlarning oldini olish maqsadida Markaziy banklar hukumat tasarrufidagi oltinvalyuta zaxiralarini turli valyutalar boʻyicha diversifikatsiya kilishda aynan Rezerv valyutaga (Mas, AQSH dollariga) asoslanadi.

Abdurahmat Boymurodov.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil