Robert F. Engle
Engl Robert (1942; Sirakuzi, Nyu York shtati) — amerikalik iqtisodchi. Kornell universitetida fizika boʻyicha magistr (1966). 1969-yil iqtisodiyot nazariyasi (ekonometrika) boʻyicha doktorlik ilmiy darajasini oldi. 1969-yildan Massachusets texnologiya institutida, 1975-yildan San-Diyegodagi Kaliforniya universitetida iqtisodiyot professor 1999-yildan Nyu-York universitetida moliyaviy xizmatlar menejmenti professor Ilmiy ishlari turli iqtisodiy koʻrsatkichlarning uzoq muddatli oʻzgarishlari qonuniyatlarini oʻrganishga bagʻishlangan. U prognozlashda muayyan oʻzgarishlarni ancha ishonchliroq aniqlash yoʻli (modeli)ni yaratdi, bu esa yalpi ichki mahsulot, isteʼmol narxlari, foiz stavkalari, birja kurslari va boshqa iqtisodiy koʻrsatkichlarni bir necha kun yoki hafta, hatto bir yil oldin bashorat qilish imkonini beradi. E. modelini qoʻllash natijasida AQSH va Buyuk Britaniyaning tarixiy-iqtisodiy statistikasini tahlil qilishda katta aniqlikdagi prognozlar oʻz isbotini topdi. Iqtisodiy koʻrsatkichlarning kutiladigan tebranishlarini aniqlash usuli katta nazariy va amaliy ahamiyatga ega. Ekonometrika boʻyicha 100 dan ortiq ilmiy asarlar muallifi. Nobel mukofoti laureati (2003; K.Grenjer bilan birga).[1][2]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |