Rogʻib (taxallusi; asli ismsharifi Muhammad Rahim Shokir oʻgʻli) (1865 — Xorazm viloyati Urganch tumani Qorovul qishlogʻi — 1935) — shoir. Navoiy, Hofiz, Munis, Ogahiy, Komil kabi shoirlar ijodini oʻrgangan, gʻazallariga muhammaslar bogʻlagan. Sheʼriyatdagi isteʼdodini koʻrgan Feruz uni saroyga taklif qilgan. U yerda Bayoniy, Avaz, Chokar va boshqa shoirlar bilan tanishgan, ijodiy muloqotda boʻlgan. Saroydagi mushoiralarda qatnashgan. Feruzning amri bilan sheʼrlarini toʻplab devon tuzgan, "Devoni Rogʻib" nomida nashr etilgan. Feruz vafot etgach (1910), saroydan oʻz qishlogʻiga qaytib, dehqonchilik bilan shugʻullangan. Xorazm inqilobidan soʻng maorif muassasalarida ishlagan.

R. lirik va hajviy sheʼrlar yozgan. Lirikasida ishq-muhabbat, doʻstlik, maʼrifatparvarlik gʻoyalarini targʻib qilgan, onaVatan tabiati goʻzalliklarini madh etgan ("Tanbur", "Bogʻ", "Xivaq", "Oʻlsun" va boshqalar). Oʻzi tuzgan devoni (1899, 1221 gʻazal, 33 muhammas, 6 tarjeʼband, 36 ruboiy, 12 qita va bir necha masnaviy, mustazoddan iborat) hamda turli bayozlarga kirgan sheʼrlari yetib kelgan. Devonning qoʻlyozma nusxalari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharkshunoslik instituti fondida (inv.№6681) va Xiva tarix muzeyi (inv. №2038)da saqlanadi.

Adabiyot

tahrir
  • Asrlar nidosi, T., 1982; Qayumov P. D., Tazkirai Qayyumiy, 2daftar, T., 1998.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil