Roman tillarihindevropa tillari oilasiga mansub qardosh tillar guruhi; ularning barchasi lotin tilidan kelib chiqqanligi, umumiy rivojlanish qonuniyatlari va til qurilishidagi koʻplab umumiy unsurlar bilan oʻzaro bogʻlanadi. "Roman" termini (lot. romanus — "Rimga tegishli", "Rim imperiyasiga alokador" maʼnosida) dastlab, ilk oʻrta asrlarda, klassik lotin tilidan hamda german lahjalaridan farq qiluvchi xalq tilini ifodalagan; Ispaniya va Italiyada Roman tillari "yangi lotin tillari" deb ham atalgan. Roman tillari 60 dan ortiq mamlakatda (mas,: fransuz tili 30 ta, ispan tili 20 ta, portugal tili 7 ta, italyan tili 3 ta mamlakatda) milliy yoki rasmiy til sifatida qoʻllanadi: ularda 600 mln.dan ortiq kishi soʻzlashadi.

Roman tillari

Tilshunoslikda Roman tillarining soni haqida yagona fikr yoʻq. Hozirgi tegishli ishlarda ular koʻpincha 12 ta deb koʻrsatiladi: ispan, galisi(ya), portugal, katalan, oksitan (provansal), fransuz, italyan, sard, retoroman, rumin, moldavan va 19-asrdan ulik hisoblanadigan dalmat tillari. Roman tillarining bir tekis rivojlanmaganligi ham ularni chegaralash, aniq sonini belgilashni qiyinlashtiradi.

Roman tillarining tarqalish hududi 3 ga ajratiladi: 1) "Eski Romaniya" — Yevropaning Rim imperiyasi tarkibiga kirgan va romancha nutqni saqlab qolgan qismi, Roman tillarining shakllanish markazi (Italiya, Portugaliya, deyarli butun Ispaniya va Fransiya, Belgiyaning janubi, Shveysariyaning gʻarbi va janubi, Ruminiya va Moldova respublikalarining asosiy qismi, Shimoliy Gretsiya, Makedoniya kabilar); 2) "Yangi Romaniya" — 16—18-asrlarda mustamlakachilik harakatlari natijasida Yevropadan tashqarida Roman tillarida soʻzlashuvchi aholi paydo boʻlgan hududlar (Shim. Amerikadagi Kanada va Meksika mamlakatlari, Markaziy Amerikaning asosiy qismi, Janubiy Amerika, Antil orollari); 3) mustamlakachilik siyosati natijasida Roman tillari mahalliy tillar bilan birga rasmiy tilga aylangan mamlakatlar (Afrikaning kattagina qismi, Janubiy Osiyo va Okeaniyadagi uncha katta boʻlmagan hududlar).

Roman tillari Rim imperiyasi tarkibiga kirgan hududlardagi xalqona lotin tilining davomi va tadrijiy rivoji hisoblanadi. Roman tillari rivojida 4 bosqich farqdanadi: 1) mil. av. 3-asr mil. 5-asr — romanlashuv davri — mahalliy tillarning xalqona lotin tili bilan almashinishi. Boʻlajak Roman tillari oʻrtasidagi tafovutlar shu davrdayoq namoyon boʻla boshlaydi; 2) 5—9-asrlar — Roman tillarining Rim imperiyasi parchalanishi va varvar davlatlarining tashkil topishi sharoitidagi shakllanish davri. Roman tillariga superstrat unsurlar (yaʼni bosqinchi germanlar, vestgotlar, franklar, burgundlar, lombardlar va boshqalar)ning kuchli taʼsiri bilan ajralib turadi. Roman tillarining lotin tilidan va bir-biridan aniq farqli jihatlari kuchaya boradi; 3) 10—16-asrlar — Roman tillarida yozuvning rivojlanishi, ijtimoiy vazifalarining kengayish davri. Dastlabki matnlar fransuz tilida 9-asrda, italyan va ispan tillarida 10-asrda, provansal, katalan, sard tillarida 11-asrda, portugal va galisi tillarida 12-asrda, retoroman tilida 14-asrda, rumin tilida 16-asrda paydo boʻladi. Lahjalardan yuqori turuvchi adabiy tillar shakllanadi; 4) 16—19-asrlar — milliy tillarning shakllanishi, meʼyorlashuvi, boyib borishi davri. Roman tillari rivojlanishi notekis boʻlgan: baʼzi tillar ancha erta milliy tilga aylanib, hatto keyinroq xalqaro til vazifasini ham bajargan boʻlsa (fransuz va ispan tillari), baʼzilari Oʻrta asrlarda muhim ahamiyatga ega boʻlib, keyinroq oʻz mavqelarini yoʻqotgan va 19—20-asrlarda qaytadan adabiy til maqomiga ega boʻlmoqda (provansal, katalan va boshqa tillar). Yevropadan tashqaridagi boshqa hududlarda Roman tillarining mahalliy variantlari (Mas, Kanadada fransuz tilining, Braziliyada portugal tilining, Markaziy va Janubiy Amerikada ispan tilining variantlari) paydo boʻldi.

Roman tillari lotin alifbosidan foydalanadi. Bolqonroman tillarida yozuv kirillitsa asosida shakllangan. 1860-yildan keyin rumin tili, 1989-yildan moldavan tili lotin alifbosiga oʻtgan. Lotin tilida boʻlmagan tovushlarni ifodalash uchun turli xil harf birikmalari, diakritik belgilar joriy etilgan.

Abduvahob Madvaliyev, Isroil Poʻlatov.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil