Rubʼ ul-xoli, ar-Rubʼ ul-Xoli [(arab. — choraksayxon yer (yarim orolga nisbatan)] — Arabiston yarim orolning jan.sharqiy qismidagi qumli choʻl. Yarim orolning gʻarbiy, jan. va sharqiy sohillari boʻylab choʻzilgan togʻlar oraligʻidagi tektonik botiqda. Maydoni 650 ming km² (Yer yuzidagi eng yirik choʻllardan biri). Yer yuzasi tekis, balandligi sharqiy qismida 100– 200 m, gʻarbida 500–1000 m. Hududining 80% koʻchma qum barxanlari, joʻyak va uyumlardan iborat. Sharqida keng shoʻrxoklar, qum maydonlari oraligʻida toshloqlar bor. Yillik yogʻin 50 mm dan kam, bir necha yillar umuman yogʻmasligi mumkin. Doimiy oqar suvi yoʻq, grunt suvi juda chuqur. Oʻsimliklar (yantoq, shoʻra va boshqalar) pastqam joylarda oʻsadi. Aholisi, asosan, koʻchmanchi arablar. Tuya boqiladi. Choʻlning chekkalarida ahyonahyonda vohalar uchraydi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil