Demirel Sulaymon (1924.1.11, Isparta viloyatining Islomkoy qishlogʻi) — Turkiyaning siyosat va davlat arbobi. Istanbul texnika universitetining qurilish fakultetini tugatgan (1949). 1955—60 yillarda Turkiya suv xoʻjaligi davlat direksiyasi bosh mudiri. 1960—62 yillarda armiya safida. 1962—64 yillarda xususiy korxonada maslahatchi muhandis, Oʻrta sharq texnika universitetida oʻqituvchi. D. — "Adolat" partiyasining asoschilaridan biri. 1962 yil shu partiya bosh kengashi aʼzosi, 1963 yildan partiya bosh raisi oʻrinbosari, 1964 yildan bosh raisi. 1965—80 yillarda bir necha marta hukumatga boshchilik qildi. 1980 yil 12 sentabrdagi harbiy toʻntarish natijasida bosh vazir lavozimidan chetlashtirildi. D. oʻng liberal "Toʻgʻri yoʻl" partiyasi tuzilishining gʻoyaviy ilhomchisi va sobiq siyosatchilarning siyosiy faoliyatini taqiqlash bekor qilingunga qadar mazkur partiyaning yashirin rahbari. 1987 yil 24 sentabrdan "Toʻgʻri yoʻl" partiyasining bosh raisi, 1991 yildan Turkiya Bosh vaziri. 1993—2000 yillarda Turkiya Prezidenti[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil