Maqsudiy Sadri, Sadri Maksudiy Arsal (1878, Qozon yaqinidagi Toshsuv qishlogʻi – 1957.20.2, Istanbul) – tatar xalqining milliy ozodlik harakati rahbarlaridan biri, tarixchi va huquqshunos olim. Dastlab, Qozondagi Madrasa va Bogʻchasaroydagi Ismoilbek Gasprinskiy maktabida oʻqigan. 1897-yil Qozonga qaytib, rustatar oʻqituvchilar maktabini tugatgan. Sorbonna universiteti huquqshunoslik fakultetini tugatgan (1906). Parijdan turib „Tarjimon“ gazetasida maqolalar eʼlon qilgan. „Ittifoq al-muslimin“ partiyasi rahbarlaridan biri, MK aʼzosi. Rossiya Davlat dumasi deputati (1907—12). Dumada turkiy xalqlar manfaatini himoya qilgan. Butun Rossiya musulmonlar 2-syezdida qabul qilingan madaniy-milliy muxtoriyat loyihasining muallifi. Muvaqqat xukumat Turkiston qoʻmitasining aʼzosi (1917). 1918-yildan muhojirlikda. Finlandiya, Fransiya, Germaniya, Turkiyada (1925-yildan boshlab) yashagan. Sorbonna (1923-24), Anqara (1925-43), Istanbul (1943—45) universitetlari professor Turkiya Respublikasi Buyuk Millat majlisi deputati (1930-38).

Turkiy xalqlar davlatchiligi tarixi, davlat huquqi va tilshunoslikka oid kitoblari va maqolalari chop qilingan. Forobiy falsafasi va „Qutadgʻu bilig“ asarini maxsus oʻrgangan. Xususan, uning „Turk huquqi tarixi“ (Anqara, 1928), „Turk tili uchun“ (Ankara, 1930), „Oʻrta Osiyo turk davlatlari“ (Alqara, 1934), „Huquqning umumiy asoslari“ (Anqara, 1937), „Umumiy huquq tarixi“ (Anqara, 1941; Istanbul 1944; 1948), „Huquq falsafasi“ (Istanbul, 1946), „Turk tarixi va huquq“ (Istanbul, 1947) kitoblari mashhur.

Adabiyot

tahrir
  • Aida A., Sadri Maksudi Areal, M., 1986; Islam v tatarskom mire: istoriya i sovremennost, Kazan, 1997; Sadri Maksudi: naslediye i sovremennost, Kazan, 1999.

Qahramon Rajabov, Renat Shigabiddinov.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil