Samarador harorat - oʻsimlik faol oʻsishi, rivojlanishi va hosilining shakllanishi uchun zarur boʻlgan havo yoki tuproq harorati. Shu chegaradan past haroratda oʻsimlikning rivojlanishi, urugʻning unishi tuxtaydi, gullashi kechikadi. Koʻpgina oʻsimliklar uchun shahrining quyi chegarasi 5° atrofida, issiqsevarlari (makkajoʻxori, sorgo) uchun 8—10°, bir qator subtropik ekinlar (gʻoʻza, sholi) uchun 12°— 15° ga teng. Samarador harorat havoning oʻrtacha sutkalik harorati (faol harorat) bilan muayyan oʻsimlik uchun biol. minimum boʻlgan harorat ayirmasiga teng. Bu, oʻz navbatida, oʻsimlikning rivojlanishida har bir kunning hissasini aniqlashga teng imkon beradi. Masalan, havoning oʻrtacha sutkalik harorati 22° boʻlsa, rivojlanishining biologik minimumi 10° ga teng boʻlgan ekin turi uchun S.H 12° ni tashkil etadi, yaʼni shu kundagi oʻrtacha sutkalik haroratning 10° dan yuqori qismi ekinning oʻsishi va rivojlanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Agrometeorologiyada S.h ekinlarning oʻsishi va rivojlanishi asosiy koʻrsatkichlaridan biri tarzida qabul qilingan. Samarador harorat yigʻindisi vegetatsiya davri yoki uning maʼlum qismi uchun kundalik haroratning 10° dan yuqorisini jamlash orqali topiladi. Chunonchi, gʻoʻza maysalari yoppasiga unib chiqishi uchun chigit ekilgan kundan boshlab 95— 100° Samarador harorat yigʻindisi zarur (tuprokda namlik yetarli boʻlgan sharoitda). Ekish — gullash davridagi Samarador harorat yigʻindisi 970° ga yetganda ertapishar oʻrta tolali gʻoʻza navlari, 1000° da oʻrtapishar navlari va 1100° da ingichka tolali paxta navlari gullaydi. Samarador harorat yigʻindisi koʻrsatkichidan hududning issiqlik resurslarini, yaʼni ekinni oʻstirish uchun issiqlik bilan taʼminlanganlik darajasini baholashda foydalaniladi. Issiklik bilan taʼminlanganlik vegetatsiya davridagi oʻrtacha koʻp yillik Samarador harorat yigʻindisini ekinning toʻliq rivojlanish sikli yoki uning ayrim fazalarining oʻtishi uchun zarur boʻlgan Samarador harorat yigʻindisiga nisbati bilan aniklanadi va % larda ifodalanadi. Oʻrtacha koʻp yillik S.h yigʻindisi ekinning issiklik resurslari bilan taʼminlanganligining 50% ga, yaʼni 10-yil ning 5 yilga teng keladi. Ekinning har yili issiqlik resurslari bilan (yaʼni 10 yilning hammasida) taʼminlanganligi eng noqulay yildagi taʼminlanganlik darajasiga qarab topiladi. Oʻrta Osiyo sharoitlarida bu koʻrsatkich ekinning yetilishi (yoki rivojlanishning kerakli fazasiga yetishi) uchun talab qilinadigan oʻrtacha S.H yigʻindisini 20% koʻpaytirib olingan qiymatiga mos keladi. Samarador harorat yigʻindisi, yaʼni issiklik bilan taʼminlanganlik koʻrsatkichlariga qarab muayyan hududlarda, mamlakatlarda ekin turlari va navlari yetishtiriladi. Samarador harorat yigʻindisi agrometeorologiyada, qishloq xoʻjaligi fenologiyasida (ekinlarning rivojlanishi va hosil yetilishining asosiy fazalari muddatlarini prognozlash)da, shuningdek, agroiqlimiy rayonlashtirishsa foydalaniladi (yana qarang Faol harorat).

Olga Reyzvix.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil