Sangardak sharsharasi — Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumani hududida, Denov shahridan 30 km va Termiz shahridan 205 km uzoqlikda joylashgan. Hudud boʻylab Hisor togʻ tizmasi choʻzilgan boʻlib, undan Surxondaryo, Toʻpalangdaryo, Obizarang va boshqa togʻ daryolari oqib oʻtadi.

Sangardak sharsharasi
Sharsharaning umumiy koʻrinishi

Joylashuvi

tahrir

Sangardak sharsharasi oʻrmon xoʻjaligining aynan shu nomli boʻlimida Sariosiyo tumanining subtropik ichkikontinental iqlim zonasida, Hisor togʻ tizmasi etagida joy olgan. Sharshara Xondizadan atigi 30 km uzoqlikda joylashgan. Dengiz sathidan 3000 metr balandlikdan otilib chiqadigan suv, 150 metrlik balandlikdan oqib tushadi[1]. Yil boʻyi va asosan yoz oylarida bu yerda tashrifchilar soni ortib ketadi. Sababi sharsharaning suvi yozda koʻpayadi, kuz fasliga borib esa kamaya boshlaydi. Qishning kuchli sovuq kunlarida esa sharsharaning butkul muzlash holati kuzatilgan.

Etimologiyasi

tahrir

Sangardak soʻzi fors-tojik tilida „toshlar bilan oʻralgan joy“ degan maʼnoni anglatadi. Bu nom Sangardak qishlogʻi nomi bilan ham bogʻliq. Sharsharadan 100-200 metr uzoqlikda Sangardak qishlogʻi joylashgan. Mazkur sharshara xalq orasida „Sharsharamozor“, „Sharrakmozor“ nomlari bilan ham mashhur boʻlgan.

Tarixi

tahrir

Rivoyatlarga koʻra, mazkur sharshara 16-17-asrda paydo boʻlgan. Ammo u vaqtlar hozirgi singari mashhurlikka erishmagan[2]. Shu bilan birgalikdaa, mazkur sharshara haqida yana koʻplab rivoyat va asotirlar mavjud.

Umumiy holati

tahrir

Sangardak sharsharasi togʻ daryosidan emas, balki gʻorlar ichidagi karst daryolaridan shakllanadi.

Sangardak sharsharasining asosiy suv manbai qoyatoshlar orasidagi koʻl hisoblanadi. Koʻl buloq suvlari asnosida toʻyinadi. Bu yerdagi asosiy buloqlar Sangardakbuloq, Shirinbuloq, Qorabuloq, Siryoybuloq kabilardir.

Sangardak sharsharasi tik qoyadan favvora shaklida toshlar yuzasi boʻylab pastga oqib tushadi va betakror manzara namoyish etadi. Suv yil boʻyi tiniq holatda boʻladi.

Balandlikdan oqib tushuvchi suvning salqin shabadasi va goʻzal tabiati insonlarni oʻziga jalb qiladi.

Sangardakka odatda yoz oylarida borish tavsiya etiladi. Sababi ayni shu vaqtda sharshara suvi koʻpayadi. Qish oylarida esa mamlakatdagi sovuq ob-havo sababli sharshara qisman muzlaydi. Ammo 2023-yil qishdagi anomal sovuq sababli sharshara butkul muzlab qolgan[3].

Turizm

tahrir
 
Sangardak sihatgohi

Sangardak — Oʻzbekiston hududida joylashgan eng baland sharsharalardan biri hisoblanadi. Sayyohlar, asosan, sharsharaga may-sentabr oylarida tashrif buyuradilar. Sharshara atrofi temir panjaralar bilan oʻralgan, sayyohlar havfsizligi taʼminlangan. Temir zinalar sharsharani yaqindan koʻrish imkoniyatini yaratadi. Zinapoyalar yuqoriga chiqadigan soʻqmoqqa qurilgan boʻlib, kiraverishga temir darvoza oʻrnatilgan. Shuningdek, temir supalar, har 10-15 metrda keng ayvonchalar qurilgan boʻlib, bu sayyohlar sharsharani tomosha qilishlari uchun yana bir qulaylik sifatida barpo etilgan.

Sangardak sharsharasining yuqori qismida Xoʻjailgʻor ziyoratgohi, yon tomonida Sharsharamozor ziyoratgohi joylashgan. Shu sababli yil davomida bu hududda turistlar tashrifi doimiy kuzatiladi.

Manbalar

tahrir
  1. „Sangardak sharsharasi“. uzbekistan.travel. 2022-yil 20-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 08-2023.
  2. „O‘zbekistonning “Niagara”si“. qalampir.uz. qalampir.uz (2019-yil 25-iyun). Qaraldi: 08-2023.
  3. „Surxondarodagi Sangardak sharsharasi muzlab qoldi“. sputnik (2023-yil 17-yanvar). Qaraldi: 08-2023.

Havolalar

tahrir