Sariq tana — odam va sut emizuvchi hayvonlar ichki sekretsiyasida vaqtincha paydo boʻladigan bez. Tuxumdonda tuxum hujayra yetilib chiqqanidan (ovulyasiyadan) soʻng hosil boʻladi. Oʻzgargan follikulyar hujayradan iborat. Tuxum hujayra urugʻlanganida Sariq tana boʻgʻozlik (homiladorlik)ni saqlash va uning normal kechishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan gormon — progesteron ajratadi. Sariq tana urugʻlangan tuxum hujayraning bachadon devoriga yopishuviga, sut bezlarining rivojlanishiga yordam beradi, navbatdagi ovulyasiyani toʻxtatib turadi. Agar urugʻlanish roʻy bermasa, Sariq tana soʻrilib ketadi.

Ayrim umurtqasiz (hasharotlar) va koʻpchilik suvda va quruklikda yashovchilar, sudralib yuruvchilar va qushlar tuxumdonida yetilgan tuxum hujayra uzilganidan soʻng uning oʻrnida hosil boʻlgan follikulyar hujayralar toʻplami ham baʼzan Sariq tana deyiladi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil