Sarkor (fors. — ishboshi, nazoratchi, boshqaruvchi) — 1) Temuriylar saltanatida qurilish va ommaviy hasharlarda ishboshi boʻlgan mansabdor. Sarkor soʻzi Alisher Navoiy asarlarida tez-tez qoʻllangan; 2) Xiva xonligida sarkor zarur paytlarda harbiy harakatlarda ishtirok etgan va koʻp hollarda dushman mudofaa istehkomlari va qalʼalari devorlari yonida barpo etiladigan sarkoʻblarni qurish, ular ustiga oʻtsochar qurol – toʻpni olib chiqish ishlariga boshchilik qilgan; 3) Qoʻqon xonlari tarixiga oid arxiv hujjatlardan maʼlum boʻlishicha, sarkor aholining turli qatlamlaridan soliq — xiroj undirish, muayyan shaxsni soliqdan ozod qilish, yuqori mansabdor tavsiyasiga yoki biror kishi arizasiga binoan, fuqarolarni yoxud askarlarni dondun bilan taʼminlash vazifasini ham bajargan; 4) Eronda mahalliy yer egalari ixtiyoridagi maxsus qurolli boʻlinma boshligʻi; 5) Turkiyada 18—19-asrlarda oliy bosh qoʻmondon.

Hozirgi paytda ham xalq jonli soʻzlashuv tilida hashar yoʻli bilan ariq va zovurlar qazish, imorat qurish singari ishlarga boshchilik qiluvchi yoki toʻy-maʼrakalarga bosh-qosh boʻluvchi shaxs baʼzan sarkor deb nomlanadi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil