Savrxon eshon ziyoratgohi
Mamlakat: O'zbekiston
Hudud: Fargʻona
Shahar: Qoʻqon
Maqomi: Qabriston
Dafn etilgan: Savrxon eshon
Barpo etilgan: XIX asr

Savrxon eshon ziyoratgohi (Sugalchi eshon, Devona eshon deb ham ataladi) — Fargʻona viloyati Beshariq tumani Novkat qishlogʻi Serakmozor mahalla qabristonida joylashgan qadamjo[1] . Kambagʻalparvar, yetim-yesir va xoʻrlanganlarga mehribon kishi sifatida Eshonbuva nomi bilan el orasida dovrugʻ qozongan. Savrxon darveshona hayot kechirgan. U mol-dunyo toʻplash, boylik orttirish kabi ishlarga qiziqmagan. Shu sababdan topganini xalqqa ulashib ketavergan. Savrxon eshon oʻzining kimga uylanishi-yu, nechta farzand koʻrishigacha bashorat qilgan. U Kapayangi qishlogʻilik Karimqulboy oʻgʻli Olimqulning koʻzlari koʻr qizini nikohiga olishini, bu nikohdan uch farzand koʻrishini, bolalarning biri kichikligida, boshqasi katta boʻlganda olamdan oʻtishini, uchinchisi esa uzoq umr koʻrishini aytgan. Eshonbuva 35 yoshida oʻsha qizga uylanadi, uch farzand koʻradi[2]. Savrxon eshon telbanamo kishilarga ham mehr koʻrsatgan. Savrxon eshonning karomatlari ham koʻp boʻlgan. Naql qilishlaricha, Hamdam hojining bozorchisi Erkaboyning otasi Kuygan Kiyali qishlogʻida yashab, Savrxon eshonga ixlosi baland boʻlgan. Kunlarning birida Savrxon eshon oʻsha boyning uyida ekanligida shu uyga oʻt ketadi. Harchand urinishmasin, yongʻinni oʻchira olmaydilar. Shunda qishloq boylaridan biri, eshonga aytinglar, karomatini koʻrsatsin-chi, deydi. Bino yonayotganini ichkarida oʻtirgan Savrxon eshonga aytadilar. Eshonbuva yelkasidagi eski choponini bir marta yelpigach, olov oʻchadi. Boylar buni koʻrib, hayratda qoladilar.

Chek qishlog'ida Husanbuva degan bir boy kishi oʻtgan. Dangʻillama uylari, mol-mulki koʻp boʻlgan. Shu odam bir kuni haddidan oshib, Eshonbuvani har narsa deb kalaka qila boshlaydi. Eshonbuva uni uch marta qaytaradi, u esa masxaralashni qoʻymaydi. Shu payt Eshonbuva koʻzini yumib jimib qoladi va Hali zamon shud deb uch marta qaytaradi-da, shoshilinch qishloqdan chiqib ketadi. Biroz oʻtib boyning uylaridan biri yona boshlaydi. Olovni butun qishloq oʻchira olmaydi. Boy Eshonbuvani izlab, atrofga odam yuboradi. Va, nihoyat, Eshonbuvani topib keladilar. Boy uning avzoyidan senga nima degan edim degan ma'noni sezadi. Eshon buva olovga bir tikilib qaraydi. Yongʻin oʻz-oʻzidan tezda oʻchadi. Qilgan ishidan ming bor pushaymon bo'lgan boy Eshonbuvaning oyogi tagiga o'zini tashlab, kechirim so'raydi. U aybini yuvish maqsadida Eshonbuvaga bir poda mol-qo'y bermoqchi bo'ladi. Biroq Eshonbuva boylikni kerakmasligi, o'rniga kambag'allarga tarqatishni buyuradi.


Manbalar

tahrir
  1. Жaхонгирмирзо Маматисаков. ФАРҒОНА ВИЛОЯТИДА ЗИЁРАТГОҲЛАРИНИНГ ҲУДУДИЙ ТАРҚАЛИШИГА ТАЪСИР ЭТУВЧИ ОМИЛЛАР. Yoshlarning innovatsion faolligini oshirish ma'naviyatini yuksaltirish va ilm-fan sohasidagi yutuqlar mavzusidagi respublika konferensiyasi. — 297-bet. 
  2. Baxtiyor Eraliev, Ikromiddin Ostonaqulov, Nodirjon Abdulahatov. O‘zbekiston ziyoratgohlari va qadamjolari. 1-kitob. Farg‘ona viloyati. Turon zamin ziyo, 2013 — 320 bet-bet. ISBN 978-9943-335-24-0. Qaraldi: 3-iyun 2023-yil.