Sayyid Buzrukxon toʻra ziyoratgohi
Sayyid Buzrukxon toʻra ziyoratgohi | ||
---|---|---|
Mamlakat: | O'zbekiston | |
Hudud: | Fargʻona | |
Tuman: | Uchkoʻprik | |
Maqomi: | Qabriston | |
Dafn etilgan: | Sayyid Buzrukxon toʻra | |
Barpo etilgan: | XIX asr |
Sayyid Buzrukxon toʻra ziyoratgohi — Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumanidagi Katta kenagas qishlogʻida joylashgan qabriston. Bu yerga Fargʻonaning ulugʻ zotlaridan biri Sayyid Buzrukxon toʻra dafn etilgan. Buzrukxon toʻra Katta Kenagas qishlogʻida kun kechirgan. Uning otasi Jaxongirxoʻja Qoshgʻar xonligini bir necha vaqt boshqargan. Xitoy hukumati keyinchalik Jahongirxoʻjani Pekinda qatl etgan[1]. Buzrukxon toʻra Ofoqxoʻjaning avlodidir.
Buzrukxon toʻra dastlab XIX asrning 30-yillarida Fargʻona vodiysini tark etib, yosh boʻlishiga qaramay, Sharqiy Turkistonda yuz bergan siyosiy kurashlarda faol ishtirok etadi. Biroq mazkur kurashlarda muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Buzrukxon toʻra otasiga Qoʻqon xoni tomonidan suyurgʻol qilib berilgan Katta Kenagasdagi yerlarda yashay boshlaydi. Oʻzi bilan olib kelgan qoshgʻar aholisini ham Katta Kenagas qishlogʻiga joylashtirgan.
1826—1827-yillarda va keyinroq XIX asrning 60-70-yillarida Sharqiy Turkiston aholisi Sin hukmronligiga qarshi juda koʻplab kurashlar olib boradi[2]. Shunday harakatlardan biri 1864-yil 4-iyunda Koʻcharda boshlangan va buning natijasida Rashididdin xon boshchiligida Koʻchar xonligi tashkil topadi. Ushbu vaziyatda Qoshgʻar hokimi Sodiqbek oʻz hokimiyatini saqlab qolish maqsadida Qoʻqon xoni Said Sultonga murojaat qilib, Jahongirxontoʻraning oʻgʻli Buzrukxontoʻrani Qoshgʻarga taklif etadi. Buzrukxontoʻra nafaqat Qoʻqon xonligida, balki Sharqiy Turkiston aholisi orasida ham mashhur boʻlgan.
Buzrukxon toʻra diniy rahnamo boʻlgani uchun Qoshgʻar xonligida davlat ishlarini boshqarishni bosh qoʻmondon Sodiqbek (Siddiqbek)ka ishonib topshiradi. Bundan norozi boʻlgan Yoqubbek qoʻshbegi Sodiqbekdan bosh qoʻmondonlikni tortib olish niyatida Buzrukxoʻja va Sodiqbek oʻrtasida nizo keltirib chiqaradi. Natijada, Sodiqbek biroz qoʻshin bilan xondan yuz oʻgirib qochib ketishga majbur boʻladi. Fursatdan foydalangan Yoqubbek Sodiqbekning odamlaridan bir qanchasini oʻldiradi. Shundan soʻng Yoqubbek Qoshgʻar xonligining bosh qoʻmondoni boʻladi va tez orada butunlay harbiy va maʼmuriy hokimiyatni oʻz humkmronligi ostida toʻplaydi. Natijada, Buzrukxon toʻraning taxtdan voz kechishdan boshqa chorasi qolmaydi. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, Yoqubbek Buzrukxontoʻradan qutulish maqsadida 4000 tilla bilan uni haj safariga joʻnatadi. Shu tarzda Buzrukxontoʻra Qoshgʻardan chiqin ketadi. Otasi Jaxongirxoʻja singari Buzrukxon toʻraga ham Sharqiy Turkistonda xotirjam hukmronlik qilish ham nasib etmaydi. U Qoshgʻardan yoʻlga chiqadi va Kashmir orqali Hindistonga borib Makkagacha bormay, ogʻir kasalligi uchun Kobulda toʻxtaydi. Buzrukxontoʻra Kobul hukmdori bilan uchrashib, kasalligi sababli bir necha kun uning saroyida qolishga ruxsat oladi. Keyin yana Qoʻqonga yoʻl oladi. Buzrukxon toʻra Qoʻqonga kirib kelgan vaqtlarda ahvoli yomonlashgan. Buzrukxon toʻra umrining oxirgi kunlarini Katta Kenagas qishlogʻida oʻtkazib, vafotidan soʻng shu qishloq qabristoniga dafn etiladi. Buzrukxontoʻra taxminan 1870-yilda vafot etgan.
Maqbara binosi noyob meʼmorchilik obidasi sifatida davlat muhofazasiga olingan.
Manbalar
tahrir- ↑ Baxtiyor Eraliev, Ikromiddin Ostonaqulov, Nodirjon Abdulahatov. O‘zbekiston ziyoratgohlari va qadamjolari. 1-kitob. Farg‘ona viloyati. Turon zamin ziyo, 2013 — 320 bet-bet. ISBN 978-9943-335-24-0. Qaraldi: 3-iyun 2023-yil.
- ↑ М. Мирмақсудов „Қўқон хонлиги ҳамда Цин империяси (Хитой) ўртасида 1832 йилда тузилган шартнома“. shoshuz. Qaraldi: 3-iyun 2023-yil.