Sayyod (sayt)
Sayyod — Oʻzbekiston shou-biznesi mavzusiga bagʻishlangan vebsayt. Sayyod oʻzbek tilidagi eng ommalashgan koʻngilochar vebsaytlarning biridir.[1] Saytda shou-biznes yangiliklari, mashhur kishilar bilan intervyular va turli bahs-munozaralar berib boriladi. Saytda "Sayyod.com, uz.sayyod.com, Sayyod.uz loyixasi sayt, blog emas, balki oddiy mualliflik shaxsiy saxifa. Yaʼni shaxsiy ijodkor saxifalari", deb yozilgan.[2] Sayt asoschisi va bosh muharriri — Sardor Komilov.[1]
Sayyod | |
---|---|
Joriy holati | Aktiv |
Sayt turi | Koʻngilochar sayt |
Muassisi | Sayyod Media |
Muallifi | Sardor Komilov |
Ochilgan sanasi | 2008-yil |
URL | www.sayyod.com |
Sayyod vebsayti 2008-yilda ishga tushgan.[3] Avval sayt adresi sayyod.uz boʻlgan, keyinchalik sayyod.com boʻlib oʻzgargan. Oʻzbekistonda .uz domenini muvofiqlashtiruvchi UZINFOCOM tashkiloti mulozimi Nozim Daliyevga koʻra, 2011-yil davomida Sayyod.uz saytiga har oy 26 829 ziyoratchi kirgan. Ammo Komilov bu raqamlar notoʻgʻriligini, aslida tashriflar soni bundan ancha yuqori ekanligini bildirdi.[4]
Sayyod saytidagi materiallar nostandart oʻzbek tilida yoziladi. Buni Komilov „Lekin men saytni rasmiy ravishda ochmaganim uchun, hozir ham xalq tilida yozishga harakat qilaman. Odamlarga bu yoqadi, ularga yetib borishi, oʻqishi oson. Endi rasmiy ravishda yozishadiku bir nimalar deb, bundan xalq zerikadi. Eng asosiysi axborotni yetib borishini yengillashtirish kerak“, deb izohlaydi.[3]
2013-yil oxirida ismi ochiqlanmagan oʻzbek qoʻshiqchisi va uning produseri oʻrtasidagi kelishmovchilik boʻyicha jinoiy ish ochildi, bu ishga Sayyod saytining aloqasi borligi aytildi. Buning ortidan Komilov Internetdagi faoliyatini toʻxtatishini bildirdi. 2014-yilning yanvar oyida bir guruh yoshlar Komilovning uyi oldida uni qoʻllab namoyish oʻtkazdi.[4]
2013-yilning noyabr oyida Komilov Twitterda Oʻzbekiston Prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova bilan bahslashdi. 2-noyabr kuni Komilov Karimovadan intervyu berishini soʻradi. Bunga Karimova „Soxta piar ortidan quvmang…yana eksklyuziv intervyu soʻrab…buning uchun professional darajaga yetish lozim“, deb javob berdi.[5] Muhokama davomida Karimova turli muammolarga duchor boʻla boshlagan paytda Sayyod saytida uni qoʻllab yozilgan maqola keyinroq gʻoyib boʻlgani aytildi. Karimova bunga salbiy munosabat bildirdi. Pirovardida Komilov Karimovadan kechirim soʻradi va Sayyod saytida avval chop etilgan maqola qayta tiklandi.[5]
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 „Oʻzbekistondagi shou-biznesga bagʻishlangan Sayyod.uz sayti asoschisiga savol bering“. Bi-Bi-Si oʻzbek xizmati (2012-yil 11-dekabr). Qaraldi: 2015-yil 22-iyun.
- ↑ „Biz haqimizda“. Sayyod. Qaraldi: 2015-yil 23-iyun.
- ↑ 3,0 3,1 „Sayyod: Men hamma narsaga adolatli yondoshaman, haqiqatni aytishdan qoʻrqmayman!“. Bi-Bi-Si oʻzbek xizmati (2012-yil 18-dekabr). Qaraldi: 2015-yil 22-iyun.
- ↑ 4,0 4,1 „Toshkentda Sayyod.uz himoyasiga namoyish oʻtkazildi“. Ozodlik radiosi (2013-yil 8-yanvar). 2015-yil 22-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 22-iyun. (Wayback Machine saytida 2015-06-22 sanasida arxivlangan)
- ↑ 5,0 5,1 „Gulnora bilan tvit „jangi“da Sayyod yengildi“. Ozodlik radiosi (2013-yil 20-noyabr). Qaraldi: 2015-yil 22-iyun.