Seysmobardosh qurilish, zilzilabardosh qurilish — seysmik (zilzila botbot sodir boʻlib turadigan) hududlarda bunyod etiladigan bino va inshootlarni zilzila kuchi (seysmik kuchlar) taʼsiriga bardoshli qilib qurish. Yer kurrasining qaysi hududida qanday kuch bilan zilzila sodir boʻlishi mumkinligi seysmik hududlashtirish haritalarida belgilab qoʻyilgan. Oʻzbekiston hududi ham seysmik hududlar jumlasiga kiradi, uning uchun ham seysmik hududlashtirish haritalari tuzilgan. Mazkur haritalarda Toshkent, Andijon 9 balli, Fargʻona, Namangan va Samarqand 8 balli, Buxoro 7 balli hudud (zona)ga kiritilgan va h.k. Bino va inshootlar oʻsha hududda sodir boʻlishi mumkin boʻlgan zilzila kuchiga bardoshli qilib loyihalanishi va qurilishi kerak. Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini taʼminlash uchun maxsus antiseysmik choratadbirlar qoʻllanadi (buning natijasida bino va inshootlarning tannarxi 3—10% ortadi).

Zilzilabardosh bino, inshootlar va metropoliten loyihasida ularning tarhidagi koʻrinishi iloji boricha sodda boʻlishi kerak, chunki tarhi aylana, kvadrat yoki toʻgʻri toʻrtburchak shaklidagi binolar murakkab shaklli bino va inshootlarga nisbatan zilzilabardoshroq boʻladi. Agar meʼmorlik yoki foydalanish talablariga koʻra, murakkab shakldagi bino va inshootlar qurish lozim boʻlsa, u holda ularni antiseysmik choklar vositasida oddiy shaklli qismlarga ajratiladi.

Gʻishtin devorli binolarda barcha yuk koʻtaruvchi konstruksiyalar (boʻylama va koʻndalang devorlar, yopmalar) birbiri bilan mustahkam bogʻlangan holdagina bino yaxlit fazoviy konstruksiya sifatida zilzila kuchlariga qarshilik koʻrsatadi. Agar bu bogʻlanish mavjud boʻlmasa yoki zaif boʻlsa, boʻylama devorlar koʻndalang devorlardan ajralib ketishi va baʼzi hollarda qulab tushishi mumkin. Devor qulagach, orayopmalar ham butunlay yoki qisman bosib qoladi. Antiseysmik choralar qoʻllanmagan binolarda bunday hodisalar koʻplab uchraydi. Binolarni zilziladan beshikast asrab qolish uchun maxsus choralar koʻriladi. Masalan, binoning perimetri boʻylab antiseysmik kamarlar ishlanadi, yopmalar birbiriga va devorlarga puxta bogʻlanadi, devor burchaklariga hamda kesishuv yerlariga armatura qoʻyiladi va hokazo. Gʻishtin devorlarni tiklashda devor orasiga vertikal yoʻnalishda temirbeton elementlar — oʻzaklar qoʻyib, kompleks konstruksiya hosil qilinadi. Gʻishtin devorlar ostiga qoʻyiladigan gidroizolyasiya qatlami sement qorishmadan ishlanadi; bu maqsadda tol ishlatish tavsiya etilmaydi.

Yirik panelli binolarni yuqori darajada mexanizatsiyalashtirish imkoniyati katta boʻlganligidan binokorlikning bu uslubi seysmik va noseysmik hududlarda keng qoʻllanadi. Bino vaznining yengilligi (gʻishtin devorli binolarga nisbatan 1,2—2 baravar yengil), devor materialining mustahkamligi, yuk koʻtaruvchi konstruksiyalarning soddaligi va yuk (kuch) ning butun sirtga bir meʼyorda tarqalgani tufayli seysmik zonalarda shunday binolar koʻplab quriladi.

Seysmik hududlarda qoʻllanadigan tashqi devor panellarining konstruksiyasi 1 va 3 qatlamli boʻlishi mumkin. Bir qatlamli panellar keramzit beton yoki yengil betonlarning boshqa turlaridan tayyorlanadi. Uch katlamli panellarning 2 chetki qatlami temirbetondan ishlanib, oʻrta qatlami mineral paxta, koʻpikbeton singari issiqsovuq oʻtkazmaydigan materiallardan tayyorlanadi. Yopma panellari xona oʻlchamida yasalib, toʻrttala qirrasi bilan devorga tayanadi.

Tarix sinovlaridan oʻtgan zilzilabardosh konstruksiyalardan biri sinchli imoratlardir. Bunday imoratlar Oʻrta Osiyoda juda kadim zamonlardan beri kurilib kelingan. Sinchlar turli yogʻoch materiallardan ishlangan. Endilikda koʻp qavatli binolar yogʻoch sinchlardan emas, ggoʻlat yoki temirbeton sinch (karkas)lardan qurilmoqda. Yangi materiallarning mexanik xossalari yogʻoch materiallardan ancha farq qilganidan bulardan ishlanadigan sinchlarning konstruktiv sxemalari ham boshqacha boʻladi. Bino sinchi ustun, toʻsin va yopmadan tashkil topadi; ular oʻzaro mustahkam biriktirilgach, yaxlit fazoviy tizimni hosil qiladi. Tizim elementlari ham vertikal, ham gorizontal (seysmik) kuchlarni qabul qiladi. Sinchlar orasiga gʻishtin devor uriladi.

Oʻzbekistonda ham temirbeton karkasli binolar qurish keng tarqalgan. Seysmik hududlarda metall karkaslardan foydalanish ham yaxshi iqtisodiy samara beradi. Metall konstruksiyalar mustahkam va yengil boʻlganligidan zilzilabardosh binolar bunyod etishda juda qoʻl keladi. Pekin metall konstruksiyalarning zanglash, yuqori tralarda yuk koʻtarish xususiyatini yoʻqotish kabi kamchiliklari ham bor. Zilzila paytida yongʻin chiqishi mumkin, shuning uchun metall qismlar oʻtga chidamli materiallar bilan qoplanadi. Masalan, Toshkentning Amir Temur hiyobonidagi 17 qavatli "Oʻzbekiston" mehmonxonasining 1 va 2 qavati yopmalari monolit, 3—17 qavatlariniki yigʻma temirbetondan ishlangan. Ichki devorlar yigʻma temirbeton, tashki devorlar esa keramzitbeton panellardan qurilgan.

Chet el binokorligida tashki devorlar uchun yengil osma panellar keng qoʻllanadi. Yengil panellar kam qavatli binolarda ham, koʻp qavatli osmonoʻpar binolarda ham juda keng tarqalgan. Xorijiy mamlakatlarda osma panellar, odatda, kup katlamli qilib tayyorlanadi. Panelning yuk koʻtaruvchi qismi alyuminiy yoki poʻlat karkas boʻlib, tashki va ichki tomonidan yupqa listlar bilan qoplanadi. Oʻrtasiga plastmassa, oyna yoki mineral paxtadan izolyasiya katlami joylanadi. Bunday panellar yengil (50 kg/m2) boʻlganligidan katta oʻlchamli (mas, 2—3 qavat balandlikda) qilib ishlanadi. Yengil panellarni taʼmirlash jarayonida ularni osongina almashtirish mumkin. Panel juda tez montaj qilinadi, chunki panel karkasga boltlar yordamida biriktiriladi.

Seysmik hududlarda quriladigan bino, inshootlar va metropolitenni loyihalash jarayonida ular odatdagi statik kuchlardan tashqari, qoʻshimcha ravishda seysmik kuchlar taʼsiriga ham hisoblanadi. Oʻzbekistonda 1996-yilgacha sobiq umumittifoq miqyosida amalda boʻlgan SN va P II—7—81 (qurilish meʼyorlari va qoidalari)dan foydalanib kelindi. 1996-yil 1 martdan eʼtiboran respublikada yangi qurilish meʼyorlari va qoidalari joriy etildi, 1997-yilda zilzila kuchini aniklash uchun seysmik shkala — Oʻzbekiston Respublikasi standarti (Oʻz RST 836—97) qabul qilindi. Seysmobardosh qurilishga doir ilmiy tadqiqot ishlariga K.S. Zavriyev (Tbilisi), M. T. Oʻrozboyev, T. R. Rashidov (Toshkent), A. G. Nazarov (Yerevan), Ye. F. Savarenskiy, S. V. Polyakov va I. L. Korchinskiy (Moskva) va boshqa olimlar katta hissa qoʻshgan. Oʻzbekistonda Seysmobardosh qurilishga M. T. Oʻrozboyev asos solgan. Seysmobardosh qurilish sohasida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Mexanika va inshootlarning seysmik mustahkamligi instituti, Seysmologiya instituti va baʼzi aksiyadorlik jamiyatlarida ilmiy tadqiqot ishlari olib boriladi.

Adabiyot

tahrir
  • Rukovodstvo po proyektirovaniyu seysmostoykix zdaniy i soorujeniy, t. 1—4, M., 1968-71;
  • Seysmostoykoye stroitelstvo zdaniy, M., 1971;
  • Rashidov T., Murakkab tizimli yer osti inshootlari zilzila bardoshligining dinamik nazariyasi, T., 1972;
  • Hobilov B. A., Inshootlar dinamikasi va zilzilabardoshligi, T., 1988;
  • Rashidov T. (Eshonxujayev A. A. bilan birga), Seysmostoykost tonnelnix konstruksiy metropolitena melkogo zalojeniya, T., 1993[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil