„Shape of My Heart“ (tarjimasi „Yuragim shakli“) — ingliz xonandasi Sting ijro etgan qoʻshiq. 1993-yilning avgustida Stingning „Ten Summoner's Tales“ nomli studiyaviy albomining beshinchi tregi oʻlaroq chiqarilgan. Qoʻshiqni Sting gitarachi Dominic Miller bilan hamkorlikda yozgan. Sting qoʻshiq orqali qarta oʻyinchisi haqida hikoya qilishni istaganini aytgan. Uning soʻzlariga koʻra, qoʻshiq qahramoni yutish uchun emas, balki omad bilan bogʻliq mistik mantiqni va qandaydir ilmiy asosni aniqlash ilinjida qarta oʻynaydi[1].
Tarona eʼlon qilinganidan keyin Buyuk Britaniya xit-paradlarida eng yuqori 50 pogʻonaga kira olmagan. Bunga qaramay, yillar davomida qoʻshiq klassik kompozitsiyaga aylangan hamda Sting yakkaxon karyerasi davomida yozib olgan eng taniqli kuylarning biriga aylangan. „Shape of My Heart“ qoʻshigʻi Spotify platformasida 2022-yilga qadar 220 million martadan oshiq tinglangan.
Qoʻshiqda ijro etilgan garmonika partiyasini sozanda Larry Adler ijro etgan. Qoʻshiqdagi gitara partiyasi keng tanilgan boʻlib, mazkur rifdan bir necha qoʻshiqda, jumladan, Nas ijrosidagi „The Message“ (1996), „Sugababes“ ijrosidagi „Shape“ (2003), Craig David ijrosidagi „Rise & Fall“ (2003), Juice WRLD ijrosidagi „Lucid Dreams“ (2018) hamda BLEU ijrosidagi „You’re Mines Still“ qoʻshiqlarida foydalanilgan. Shuningdek, „Shape of My Heart“ qoʻshigʻi „Three of Hearts“ (1993) hamda „Léon“ (1994) filmlarida yangraydi.
„Shape of My Heart“ qoʻshigʻi uchun rejissor Doug Nichol Stingning Wiltshiredagi uyida klip suratga olgan[2]. Klipda Sting qoʻshiqni bir guruh musiqachi bilan ijro etayotgani tasvirlangan. Klip 1993-yilning sentyabrida ommaga taqdim etilgan.