Husniddin Sharipov – 1933-yil 10-fevralda Namanganning Pop shahrida tugʻilgan. Namangan qishloq xoʻjalik texnikumini (1949) va Toshkent qishloq xoʻjalik institutini (1954) tugatgan. Oʻrmon-melioratsiya injeneri.

Husniddin Sharipov
Tavalludi

Namangan oʻrmon xoʻjalik idorasida injenerlik qildi (1954–1956), viloyat gazetasida adabiy xodim va mas’ul kotib boʻlib ishladi. 1960-yildan „Oʻzbekiston madaniyati“ gazetasida adabiy kotib, keyin „Sharq yulduzi“ jurnali sheʼriyat boʻlimiga mudir boʻldi (1962–1969, 1976–1977, 1982–1983). 1984–1993-yillarda Oʻzbekiston Yozuvchilari uyushmasida adabiy maslahatchi[1].

„Navoiy“ deb atalgan dastlabki sheʼri 1948-yilda, birinchi sheʼriy kitobi – „Nihol“ 1956-yilda bosilib chiqqan. XX asrning oltmishinchi yillarida „Koʻngil buyurgani“ (1961), „Quyoshga oshiqman“ (1963), „Tuproqqa qasida“, „Yerning qalbi“ (1965), „Men sizga aytsam“ (1968) sheʼriy toʻplamlari, yetmishinchi yillarda „Lirika“ (1970), „Dostonlar“ (1978) kitobi va „Bir savol“ sheʼriy romani (1973), saksoninchi yillarda esa „Hayajonli daqiqalar“ (1980), „Oh, goʻzal“ (1981), „Xirmon“ (1985), „Yana visol“ (1987) hamda ikki jildli „Saylanma“ asarlari (1983) nashr etildi. U bolalar uchun „Ukajonlarimga“ (1963), „Bu yogʻi nima boʻladi“ (1973), „Chavandoz“ (1974) kitoblarini yaratgan. Shoirning „Seni sevaman“ (1958), „Ota oʻgʻil“ (1964), „Afsona“ (1975), „Chollar va kampirlar“ (1979), „Yor istab“ (1993) kabi peʼsalari markaziy va viloyat teatrlarida sahnalashtirildi. Toshkent nashriyotlarida „Vsyo tot je ya“ (1970), „Privet ot Satvaldi“ (1977), „Sovetskiy pisatel“ nashriyotida „Samoye dorogoye“ (1980) kitobi rus tilida bosilib chiqqan. Uning oʻzi J. Lafonten, I. Turgenev, U. Uitmen, V. Mayakovskiy, B. Brext, P. Neruda, R. Hamzatov asarlarini oʻzbekchaga tarjima qilgan.

Soʻnggi yillarda Husniddin Sharipovning „Yor istab“ (1992) sheʼriy toʻplami, „Ming ikkinchi kecha“ (1992) va „Qaltis yurish“ (1999) dostonlari, „Doʻstim Tojiddin“ (2001) nomli hujjatli qissasi, „Asiringman“ (2003) nomli saylanma asarlari nashr etildi. Eng sara asarlari, ruschadan tashqari, ukrain, ozarbayjon, tojik, oʻrdu, polyak, turk, belorus tillariga tarjima etilgan.

Shoir ijodining qamrovi keng: u fazokor parvozidan ham, dehqon kuymanishlaridan ham, ayol qalbi goʻzalligidan ham birday zavq oladi. Holat va ruhiy harakat ifodasida aniqlikni, tilda lutfni sevadi.

Mukofotlari

tahrir

Husniddin Sharipov – Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi (1983), „Mustaqillik“ medali (1992) va „Mehnat shuhrati“ ordeni (2000) bilan taqdirlangan.

Asarlari

tahrir
  • Husniddin Sharipov. Saylanma. 2 jildlik. Toshkent, Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1983.
  • Husniddin Sharipov. Yor istab. Toshkent, „Yozuvchi“, 1992.

Adabiyotlar

tahrir
  • Ozod Sharafiddinov. Nihol chinor boʻlibdi. Kitobda: Husniddin Sharipov, Saylanma, I jild. Toshkent, Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1983.
  • Ummatov R. Gʻaznai Namangon/ Ensiklopediya (3 jildli) 1-kitob/ Oltin odamlar. Toshkent: „Sharq“, 2022 — 448-bet. ISBN 978-9943-8832-1-4. 

Manbalar

tahrir
  1. Ummatov R 2022, s. 392.