Shilliq parda
Shilliq parda — odam va hayvon organizmidagi hazm va nafas olish aʼzolari, siydiktanosil sistemalari, burun, oʻrta quloq boʻshliqlari, bezlarning chiqaruv yoʻllari ichki yuzasini qoplab turuvchi qavat. Qalinligi 0,5– 4 mm. Uning yuzasi shu sohadagi bezlar ishlab chiqaradigan shilliq bilan doimo namlanib turadi, bu esa hujayralarni qurib qolishdan saqlaydi. Shilliq parda bir yoki bir necha epitelial qavatdan, biriktiruvchi toʻqima va musqul plastinkalari (silliq muskul hujayralaridan hosil boʻlgan) dan iborat. Bulardan soʻng Shilliq pardani harakatga keltirib, uni boshqa toʻqimalardan ajratib turadigan yumshoq biriktiruvchi toʻqima joylashgan. Aʼzolar faoliyatiga koʻra, Shilliq parda epiteliysi koʻp qavatli yassi, bir qavatli silindrik, prizmatik, kubsimon, kiprikli (nafas yoʻllarida), uning yuzasi esa silliq, burmali, vorsinkali (mas, ingichka ichakda Shilliq parda burma va vorsinkalar hosil qiladi) boʻlishi mumkin. Shilliq pardaning asosiy va shilliq osti qavatlarida qon hamda limfa tomirlari, follikulalar, murtaklar, bezlar, shuningdek, nerv oxirining tarmoqlari bor. Shilliq parda bezlari bir va koʻp hujayrali hamda murakkab boʻlishi mumkin.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |