Shomansur Alixoʻjayev (1888 Namangan — 1938) — davlat va jamoat arbobi. Turkiston muxtoriyati qurolli kuchlarining boshligʻi. Fargʻona shahar inqilobiy qoʻmitasi raisi oʻrinbosari (1919). Margʻilon ugorkom inqilobiy qoʻmitasi raisi (1923–1929), Fargʻona inqilobiy qoʻmitasining raisi (1927), Oʻzbekiston SSR suv xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻi (1931), Sudotrans va yoʻlavtotrans boshqarmasi boshligʻi (1931–1936).

Shomansur Alixoʻjayev
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1888-yil
Namangan shahri
Vafoti 1938-yil

Tarjimai holi

tahrir

Shomansur Alixoʻjayev 1888-yilda Namangan shahrida sangtarosh, pudratchi oilasida tavallud topgan. Uning otasi oʻzining quruvchilar guruhi bilan birgalikda buyutma asosida ishlagan. Shomansur Alixoʻjayev dastlab eski usuldagi maktabda oʻqigan. Otasiga qoʻshilib, bir qator ishchilar bilan birgalikda Namangan shahar va uning atroflarida ish olib borgan. Rus-tuzem maktabida ham tahsil olgan.

U faoliyati davomida avval yer oʻlchovchiga tarjimonlik qilgan, 1911-yil Namanganda politsiya pristaviga izvosh boʻlib ishga kirgan. Skobelev shahri pristaviga 1914–1917-yillarda izvoshchilik qilgan.

1917-yil Turkiston muxtoriyati tashkil etilgach, muxtoriyatning tadbirlarida faol ishtirok etgan. Muxtoriyat qurolli kuchlari boshligʻi sifatida bolsheviklarga qarshi kurashgan[1].

1918-yil Shomansur Alixoʻjayev sovet militsiyasiga ishga olingan. 1923-yil bir muddat Toshkent shahar soveti raisi oʻrinbosari sifatida ishlagan. 1927-yilgacha Fargʻona muzofot inqilobiy qoʻmitasi raisi sifatida faoliyat olib borgan[2].

Shomansur Alixoʻjayev keyingi yillarda OʻzSSR suv xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻi, 1931-yildan OʻzSSR Boshavtoyoʻltrans boshqarmasi boshligʻi lavozimlarida faoliyat olib borgan. 1937-yil 21-mart kuni OʻzSSR ichki ishlar xalq komissari Zagvozdin Shomansur Alixoʻjayevga nisbatan OʻzSSR JKning 60, 67-moddalari qoʻllab qamoqqa olish toʻgʻrisida qaror chiqargan, bu davrda Alixoʻjayev Toshqurilish trestida rais oʻrinbosari lavozimida ishlardi. 1937-yil 6-aprel kuni u qamoqqa olingan. 1938-yil 4-oktyabr kuni Oliy sud qaroriri bilan unga oʻlim jazosi tayinlangan va shu kunning oʻzidayoq amalga oshirilgan.

1957-yil 12-martda Shomansur Alixoʻjayevning turmush oʻrtogʻi Sabohat Alixoʻjayeva OʻzSSR KP(b) MK birinchi kotibi N. A. Muhiddinov nomiga ariza yozgan. Shomansur Alixoʻjayev 1957-yil 26-oktyabr kuni OʻzSSR Oliy sudi qarori bilan oqlangan va oqlov haqida oila aʼzolariga xabar berilgan[3].

Manbalar

tahrir
  1. Ahmad S. Qizil mustamlaka: eʼlon qilinmagan urush. Katta qirgʻin qomusi.. Toshkent: „Info Capital Books“, 2022 — 640-bet. 
  2. Irzayev B. Qoʻqon tarixidan lavhalar. Toshkent: „Akademnashr“, 2020 — 240-bet. 
  3. Hasanov B. Tarixning nomaʼlum sahifalari VIII kitob. Toshkent: „Akademnashr“, 2018 — 304-bet.