Sigʻnoq (shahar)
Sigʻnoq, Sunax, Sugʻnoq, Soʻnoqota, Soʻnaq qoʻrgʻon — Sirdaryoning quyi oqimi boʻylarida, Qiziloʻrda (Qozogʻiston)ning jan.da joylashgan qad. shahar. Oʻtroq, madaniy viloyatlar bilan dasht oʻrtasidagi chegarada mil. av. 3-asrda bino etilgan. U 10-asrda oʻgʻuzlarta tegishli boʻlgan. 11-asr oʻrtalaridan yirik savdo shahri, qipchoqlar poytaxti sifatida mashhur. 1219 y. yetti kunlik qamaldan soʻng S. moʻgʻullarning Joʻjixon boshchiligidagi qoʻshini tomonidan vayron qilingan, lekin 14-asrda qayta tiklanib, 14-asr oʻrtasida Oq Oʻrda poytaxtiga aylangan. 15-asrda S. oʻzbek xonlarining poytaxt shahri boʻlgan, 16-asrda esa qozoq xonlari tasarrufiga oʻtgan. 14—16-asrlarda S.da tangalar zarb etilgan, koshin parchalari bilan bezatilib pishiq gʻishtdan ishlangan imoratlar (madrasa, masjid, maqbaralar) qurilgan. Manbalarda S haqida 18-asrdan keyin maʼlumot uchramaydi. Shahriston (10 ga)ni uragan mudofaa devori va uning 15 minorasi harobalari va rabod (taxminan 13 ga) ni muhofaza qilgan tuproq tepa, shuningdek, 14—16-asrlarga oid bir qancha binolarning qoldiqlari saqlangan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |