Silos kombayni
Silos kombayni - makkajoʻxori va boshqa silosbop ekinlar (beda, yosh kungaboqar, oʻt va boshqalar) ni oʻrish, maydalash va transport vositasiga ortish uchun moʻljallangan mashina. Chorva mollari uchun ozuqa — silos tayyorlashda ishlatiladi. Undan senaj, koʻk ozuqa, oʻt uni tayyorlashda ham foydalanish mumkin. Asosan, oʻrish qismi va maydalash apparatlari, maydalangan aralashmani yuklash qurilmasi va harakat uzatish mexanizmidan iborat. Oʻrish qismi 4 xil boʻlishi mumkin: yoppasiga yoki tor katorlab ekilgan baland poyali ekinlarni oʻradigan segmentpichokli; keng qatorlab ekilgan baland poyali ekinlarni oʻradigan oʻzakli; qar qanday ekilgan ekinlarni yoppasiga oʻradigan universal hamda oʻrish va maydalash ishlarini bajaruvchi rotorli. Silos kombaynining oʻrish qismi oʻrgan poyalarni maydalash uchun radialdiskli, barabanli va rotorli apparatlar ishlatiladi. Maydalangan aralashmani transport vositasiga ortish uchun pnevmatik irgʻitgich, elevatorli va kombinatsion transportyorlardan foydalaniladi. Silos kombaynining oʻrish qismida oʻrilgan, maydalash apparatlarida maydalangan aralashma kombayn bilan yonmayon harakatlanayotgan transport vositasiga yuklanadi. Silos kombaynining traktor bilan birga ishlatiladigan tirkama va oʻziyurar (shassili) xillari bor.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |