Sirkad ritmlar (lotincha: circa — yaqin va dies — kun) — bir kecha-kunduzlik ritmlar; biologik jarayonlar va hodisalarning har 20—24 soatda takrorlanib turishi. 24 soatdan koʻproq vaqtdan soʻng takrorlanadigan Sirkad ritmlar faqat eksperimental sharoitda (doimiy harorat va yorugʻliqda) koʻpchilik oʻsimlik, hayvonlar va odamlarda kuzatiladi. Olimlarni fikricha, Sirkad ritmlar tabiiy boʻlmagan, yaʼni doimiy sharoit taʼsirida irsiy sutkalik ritm asosida yuzaga chiqadi. Mas, doimiy sharoit organizm uchun qulay boʻlganida hayvon odatdagiga nisbatan ertaroq harakatchan boʻlib qoladi; sharoit noqulay boʻlganida esa ilgarigi 24 soatlik ritm kechika boshlaydi. Sirkad ritmlar organizmning hayot faoliyatiga taʼsir qilishi (mas, hasharotlarning tuxum qoʻyishi, oʻsimliklar bargi holatining oʻzgarishi) yoki ayrim fiziologik jarayonlarga taʼsir koʻrsatishi mumkin. Doimiy sharoitda Sirkad ritmlar organizm funksiyalariga bir xil taʼsir etmaydi. Mas, odamda gavda harorati, bedorlik va uyqu davrlari ritmi farq qiladi. Bu holat organizmda kasallik paydo qilishi mumkin (mas, kosmik parvozda).