Sitseron Mark Tulliy
Sitseron Mark Tulliy (Marcus Tullius Cicero) (lotincha: Marcus Tullius Cicero; mil. av. 106.3.1, Arpinum — mil. av. 43.7.12, hozirgi Gaeta yaqini) — Rim siyosiy arbobi, notiq, yozuvchi. Rimda tahsil olib, notiqlik sanʼatini egallaydi, soʻng Afina, Kichik Osiyo va Rodosda oʻz bilimini mukammallashtiradi. Elchilik davrida (mil. av. 63 y.) Katalina fitnasini fosh etgani uchun “fuqarolik chambari” bilan taqdirlanadi va Rim fuqarolari orasida birinchi boʻlib "Yurt otasi" unvoniga sazovor boʻladi, ammo rimlik fitnachilarni sudsiz qatl etgani sababli mil. av. 58-yilda quvgʻinga uchrab, xorijda yashashga majbur boʻlgan. Yuliy Sezar oʻldirilgach (mil. av. 44 y.), Mark Antoniy buyrugʻi bilan qatl etilguniga qadar Rimning amaldagi hukmdori sanalgan.
Sitseron Mark Tulliy | |
---|---|
Tavalludi | 3-yanvar mil. avv. 106[1] |
Vafoti | 7-dekabr mil. avv. 43 |
Fuqaroligi | Qadimgi Rim |
Otasi | Marcus Tullius Cicero[2] |
Onasi | Helvia[2] |
Sitseron siyosat, falsafa va adabiyotda “oʻrta oqim” hisoblangan barqarorlik va vazminlik aqidalariga sodiq boʻlgan. “Aralash davlat tuzilmasi” (monarxiya, aristokratiya va demokratiyaning qoʻshilishidan paydo boʻlgan hokimiyat) Sitseronning siyosiy ideali boʻlib, mil. av. II asr boshidagi Rim Respublikasini buning namunasi deb hisoblagan. Sitseron faylasuf sifatida atomizmga qarshi chiqdi, jonni oʻlmas va abadiy deb bildi, real tasavvurlarni real boʻlmagan tasavvurlardan farq qilish uchun mezon yoʻq, deb hisobladi. Falsafiy asarlarida etika masalalariga asosiy eʼtiborni qaratdi. Yunon falsafasi atamalarini ishlab chiqdi. Davlat haqidagi risolalarida davlatni xususiy mulkni himoya qiluvchi, umumiy huquq meʼyorlariga asoslangan kishilar uyushmasi sifatida talqin etdi.
Sitseronning 58 ta nutqi, 19 ta asari va 800 dan ziyod maktublari saqlanib qolgan. Sitseron asarlari Rimdagi fuqarolar urushi davri toʻgʻrisidagi maʼlumotlar manbai hisoblanadi. Sitseron jahon tarixida notiqlik sanʼatini mukammal egallagan kishi sifatida shuhrat qozongan. Uning turli sud jarayonlarida soʻzlagan nutqlari notiqlik sanʼatining eng yuksak namunalaridir. Sitseron oʻz asarlari (“Yaxshilik va yomonlikning chegaralari toʻgʻrisida”, “Davlat toʻgʻrisida”, “Qonunlar toʻgʻrisida”, “Majburiyatlar toʻgʻrisida” va boshqalar) hamda nutqlari bilan Rim mumtoz nasri va adabiy tiliga tamal toshini qoʻygan. Sitseronning “Verresga qarshi nutqlar”, “Katilinaga qarshi nutqlar”, “Orator haqida” traktatini Oybek oʻzbek tiliga tarjima qilgan.
Manbalar
tahrir- Rim adabiyoti, T., 1939; Rechi, t. 1—2, M., 1962; Tri traktata ob oratorskom iskusstve, M., 1972; Izbrannie sochineniya, M., 1975.
Adabiyot
tahrir- Utchenko S, Sitseron i yego vremya, M., 1972.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |