Siygʻoqlik
Siygʻoqlik, siydik tuta olmaslik — siyish ehtiyoji boʻlmagan holda siydik chiqarish kanalidan beixtiyor siydik ajralishi; turli urologik, ginekologik va nevrologik kasalliklarda kuzatiladi. Doimiy (mutloq), qisman (nisbiy) hamda tungi S. tafovut qilinadi. Doimiy S.da siydik qovuqqa yigʻilmay, toʻxtamasdan oqib turaveradi. Bu koʻpincha qovuq va siydik chiqarish kanalining nuqsonlarida boʻladi. Qisman S.da siydik beixtiyor oz-ozdan keladi. Kishi qattiq yoʻtalganida, kulganida, aksirganida yoki ogʻir yuk koʻtarib zoʻriqqanida siyib yuboradi. Bunday holat koʻpincha ayollarda tugʻruq chogʻida siydik yoʻllari shikastlanishi oqibatida roʻy beradi. Tungi S. — uyquda beixtiyor siyib qoʻyish, asosan, yosh bolalarda uchraydi. Bunga fimoz, sistit, siydiktanosil organlari kasalliklari, shuningdek, markaziy nerv sistemasidagi vaqtincha funksional oʻzgarishlar sabab boʻladi va bola 12—16 yoshga yetganda barham topishi ham mumkin. Biroq bunga befarq boʻlmay, iloji boricha tungi S. sababini ertaroq aniqlash va, zarur boʻlsa, davo tadbirlarini koʻrish lozim; bu qancha barvaqt boshlansa, natija shuncha yaxshi boʻladi. S.ning har qanday turida ham vrachga murojaat qilish zarur, u S.ga sabab boʻlayotgan omillarni aniklaydi va tegishli davo muolajalarini buyuradi.[1]
Manbalar
tahrir
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |