Siyosiy huquq va erkinliklar — fuqarolarning asosiy konstitutsiyaviy huquqlaridan bir guruhi (fuqarolik, shaxsiy huquq va erkinliklar, iqtisodiy huquq va erkinliklar kabilar bilan bir qatorda). Siyosiy huquq va erkinliklar fuqarolarga mamlakat ijtimoiy va siyosiy hayotida qatnashish imkonini beradi. Bu huquq va erkinliklar jamiyat va davlat boshqaruvida qatnashish huquqi, saylov huquqi, qonunlarga muvofiq, jamoat birlashmalariga uyushish, mitinglar, yigʻilishlar va namoyishlar oʻtkazish, axborot erkinligi, ommaviy harakatlarda ishtirok etish, ariza, taklif va shikoyatlar berish orqali davlat organlari, muassasalar yoki xalq vakillariga murojaat qilish huquqi kabilarni oʻz ichiga oladi. Oʻzbekiston fuqarolarining siyosiy huquq va erkinliklari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida (8-bob), „Fuqarolarning saylov huquklari kafolatlari toʻgʻrisida“ (1994-yil 5-may). „Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida“ (1991-yil 18-noyabr (2001-yil 30-avgustda yangi tahrirda) qabul qilingan), „Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida“ (1996-yil 26-dekabr), „Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida“ (1991-yil 14-iyun (1998-yil 1-mayda yangi tahrirda) qabul qilingan), „Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida“ (1992-yil 2-iyul), „Oʻzbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari toʻgʻrisida“ (1991-yil 15-fevral) kabi bir qancha qonunlar va qonun kuchiga ega boʻlgan hujjatlar bilan belgilab qoʻyilgan[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil