Soʻnggi mogikan

James Fenimore Cooper qalamiga mansub roman

Soʻnggi mogikan yoxud 1757-yil hikoyati“ (inglizcha: The Last of the Mohicans: A Narrative of 1757) – James Fenimore Cooper qalamiga mansub tarixiy ishqiy roman. 1826-yil bosilib chiqqan. „Koʻn paypoq haqidagi epopeya“ (inglizcha: Leatherstocking Tales) romanlar seriyasidagi ikkinchi va eng keng tanilgan asar[1]. 1840-yilda chop etilgan „Izquvar“ romani „Soʻnggi mogikan“ romanining davomidir. 1841-yilda chop etilgan „Chingachguk – ulkan ilon“ romanidan esa „Soʻnggi Mogikan“ romanidagidan oldin sodir boʻlgan hodisalar oʻrin olgan. „Soʻnggi mogikan“ romanidagi hodisalar 1757-yilda, Fransiya va Buyuk Britaniya Shimoliy Amerika hududlari uchun kurashgan Yetti yillik urushning Shimoliy Amerika teatri davom etayotgan bir paytda sodir boʻladi. Ushbu urushda fransuzlar ham, inglizlar ham Amerikaning tub xalqlari orasida ittifoqchi izlagan. Fransuzlar ayniqsa hindilarning yordamiga tayangan, chunki Shimoliy-Sharqiy chegara hududlarida inglizlar soni fransuzlar sonidan nisbatan koʻp boʻlgan. Xususan, romandagi voqealar William Henry qalʼasi qamal qilingan davrda sodir boʻladi.

Soʻnggi mogikan

1896-yilgi nashrdan tasvir
Muallif(lar) James Fenimore Cooper
Mamlakat AQSH bayrogʻi AQSh
Til inglizcha
Qismlar Koʻn paypoq haqidagi epopeya
Janr(lar)i tarixiy roman
Nashr etilgan sanasi 1826-yil fevral
Nashriyot H. C. Carey & I. Lea
Avvalgisi „Chingachguk fojiasi“ (1823)
Keyingisi „Metin yurak qissasi“ (1827)

Romandagi hodisalar asosan hozirgi Lake George shahri hududida sodir boʻladi. Xususan, unda podpolkovnik Munroning ikki qizi — Alice (oʻzbekcha tarjimada „Alisa“) va Corani (talaffuzi: Kora) William Henry qalʼasidagi xavfsiz manzilga eltib qoʻyish uchun qilingan safar haqida hikoya qilinadi. Ayollarni qoʻriqlayotgan karvon orasida Natty Bumppo (talaffuzi: Natti Bampo), mayor Duncan Heyward (talaffuzi: Dunkan Xeyvard), ashula oʻqituvchisi David Gamut (talaffuzi: Devid Gamut) va hindilar Chingachgook (talaffuzi: Chingachguk) va Unkas bor. Ota-oʻgʻil Chingachgook va Unkas obrazlari roman nomi uchun asos boʻlgan. Bu ikki qahramon baʼzan endi shakllanayotgan Amerika jamiyatining mikrokosmi sifatida koʻriladi, ayniqsa ularning irqiy kelib chiqishi nutqayi nazaridan.

„Soʻnggi mogikan“ nashr etilganidan beri eng keng tanilgan ingliz tilidagi romanlardan biri boʻlib keladi. Roman, shuningdek, Amerika adabiyoti boʻyicha koʻplab kurslarda oʻqish uchun tayinlanadigan asarlarning biridir. Roman asosida bir necha teatr va televideniye asarlari hamda multfilmlar ishlangan. Roman bir necha tilga, jumladan, oʻzbek tiliga tarjima qilingan. Erkin Mirobidov ruscha tarjimadan oʻzbekchaga oʻgirgan tarjima 1973-yil chop etilgan[2].

Manbalar

tahrir
  1. „Last of the Mohicans, The“, Merriam-Webster's Encyclopedia of Literature. Springfield, Massachusetts: Merriam-Webster, 1995 — 661-bet. ISBN 0-87779-042-6. Qaraldi: 24-avgust 2024-yil. 
  2. „Чет эл адабиёти. Чет мамлакатлар халқлари фольклори“ (PDF). Ўзбекистон ССР матбуоти солномаси. № 9. Toshkent. 1973. 16-bet. Qaraldi: 24-avgust 2024-yil.{{cite magazine}}: CS1 maint: date format ()