Sodiq Azimovich Azimov (1914-yil 7-noyabr, Toshkent – 1988-yil[1] 21-dekabr) – fizik olim, Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi (1962), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan va texnika arbobi (1964), fizika-matematika fanlari doktori (1955), professor (1958)[2].

Sodiq Azimov
Azimov Sodiq Azimovich
Tavalludi 7-noyabr 1914-yil
Vafoti 21-dekabr 1988-yil(1988-12-21)
(74 yoshda)
Toshkent
Fuqaroligi Sovet Ittifoqi
Turmush oʻrtogʻi Rahima Azimova
Bolalari Rustam Azimov
Mukofotlari Xalqlar doʻstligi ordeni

Bolaligi

tahrir

Sodiq Azimov 1914-yil 7-noyabrda Toshkent shahrida maʼrifatparvar oilada tavallud topgan. Uning bobosi (ona tomondan) Olimqozi Toshkent shahri qozisi, uning ukasi Abduvohid Qoriyev (Qori domla) Sankt-Peterburgdagi Ikkinchi Davlat Dumasi deputati boʻlgan. Sayid Azimboy (bobosi) yer egasi, un sanoati boʻyicha tadbirkor, oʻz uyida birinchi yangi usul maktabiga asos solgan. Undan oʻrnak olib, keyinchalik butun Oʻzbekistonda jadid maktablari tashkil etilgan. Avaz otaning otasi yirik yer egasi (Sarikoʻl mulki) edi. Otasidan erta ayrilgan Azimov oilada yagona boquvchi boʻlib qoldi. Uning kasal onasi, ikkita singlisi va ukasi bor edi[3].

Taʼlim

tahrir

Sodiq 1936–1940-yillarda Oʻrta Osiyo davlat universitetining (hozirgi Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti) fizika-matematika fakulteti talabasi boʻlgan. Universitetni tugatgach, kosmik nurlarni oʻrganish uchun Pomir ekspeditsiyasida ishlagan. 1948-yilda aspiranturaga oʻqishga kirgan va tez orada nomzodlik, soʻngra doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan (1955, Lebedev nomidagi fizika instituti, Moskva). Akademik V. I. Veksler uning ilmiy rahbari boʻlgan.

Mehnat faoliyati

tahrir

Azimov 1940–1945-yillarda Oʻrta Osiyo politexnika institutida (hozirgi Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti) ishlagan. 1948–1956-yillarda Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Fizika-texnika instituti laboratoriya mudiri, 1956–1958-yillarda direktor oʻrinbosari va direktori (1958–1962; 1966–1988) boʻlib faoliyat yuritgan. 1962–1966-yillar oraligʻida Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Yadro 217 fizikasi instituti direktori hamda 1986–1988-yillar oraligʻida „Fizika – Quyosh“ IICHB bosh direktori boʻlgan. Sodiq Azimovich Oʻzbekiston yadro fizikasi, yuqori energiyalar fizikasi, yarimoʻtkazgichlar fizikasi va yuqori temperaturali geliomaterialshunoslikka asos solgan va bu sohalarni rivojlantirgan olimlardan biri hisoblanadi.

Ilmiy faoliyati

tahrir

1954-yilda Azimovning tashabbusi bilan Toshkent Davlat universitetida „Yadro fizikasi va kosmik nurlar“ kafedrasi tashkil etilib, umrining oxirigacha kafedra mudiri lavozimida ishladi. 1956-yilda SSSR Hukumatining Toshkentda Yadro fizikasi institutini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarori eʼlon qilingan. Akademik I. V. Kurchatovning taklifiga binoan institut ilmiy majmuasini, jumladan, xodimlar uchun shaharcha (hozirgi Ulugʻbek qishlogʻi) loyihalash va qurish, ilmiy jamoani tayyorlash va shakllantirish Azimovga (fizika-texnika fakulteti direktori) topshirilgan. Bu jarayonda akademiklar U. A. Orifov, S. V. Starodubsevlar ham faol qatnashganlar.

Sodiq Azimov 1948-yilda oʻzi ishlab chiqqan usul yordamida kosmik nurlar tarkibida mezonlarga daxlsiz elektron va fotonlar mavjudligini isbotlagan. Pomir togʻi tepasidagi stansiyada (dengiz sathidan 3900 m balandligi) oʻz xodimlari bilan birgalikda kosmik nurlar va yadrolarning oʻzaro taʼsirini oʻrganish borasida olib borgan ilmiy izlanishlari elektron-yadro oqimlarini kashf etish imkonini bergan. Azimov elektron-yadro jalalarini va yadro zarrachalari singishni tadqiq etgan. U oʻta yuqori energiyali (1012–1013 ev) yadro jarayonlari oʻrganiladigan togʻ stansiyasi qurilishini tashkil etgan.

Azimov rahbarligida Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi fizika-texnika institutida quyosh nuri energiyasidan foydalanish usuli asosida oʻta sof yarimoʻtkazgich materiallar olishning yangi texnologiyasi ishlab chiqilgan hamda 1987-yilda Parkent tumanida 1 megavatt quvvatga ega konsentratori bor noyob quyosh pechi barpo etilgan. Azimov yadro fizikasi, yuqori energiyalar fizikasi va yuqori temperaturali geliomaterialshunoslik ilmiy maktablariga asos solgan.

U 14 fan doktori va 70 dan ziyod fan nomzodini tayyorlagan. Ular hozir ham „Fizika-Quyosh“ IICHB da, Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Yadro fizikasi institutida va Oʻzbekiston milliy universitetida xalqaro darajadagi ilmiy va amaliy tadqiqotlarni faol davom ettirmoqdalar. Sodiq Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1970) boʻlgan. „Fizika-Quyosh“ IICHB ga va Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumanidagi koʻcha va maktabga uning nomi berilgan[4][5][6].

Vafoti

tahrir

1988-yil 12-noyabrda boʻlib oʻtgan partiya konferensiyasida yangi ob’ektni yaratish gʻoyasi keskin tanqid qilingan, chunki partiya elitasi muqobil energiya manbalarining dolzarbligini anglamagan. Akademik S. A. Azimov partiya hisoboti chogʻida yurak hurujidan vafot etgan.

U Toshkentdagi Chigʻatoy qabristonidagi olimlar xiyoboniga dafn etilgan.

Mukofotlari

tahrir

2002-yilda vafotidan keyin "Buyuk xizmatlari uchun" ordeni bilan taqdirlangan[7].

Oilasi

tahrir
  • Xotini – Rahima Azimova, akademik.
  • Oʻgʻli – Bahodir, tadbirkor.
  • Oʻgʻli – Rustam Azimov, davlat arbobi.

Manbalar

tahrir
  1. „Toshkent Sovet Uzbekistoni Archives, Nov 13, 1988, p. 4“ (en). NewspaperArchive.com (1988-yil 13-noyabr). Qaraldi: 2023-yil 23-noyabr.
  2. „Азимов Садык Азимович на сайте All-Физика“. 2015-yil 8-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 28-noyabr.
  3. „Azimov Sodiq Azimovich“ (uz). arboblar.uz. Qaraldi: 2024-yil 5-noyabr.
  4. Ad.: Bekjonov R. B., Oʻzbekiston yadro fizikasi tarixi, T., 1994; Xudoyberdiyev R., Hakim Saʼdulla, Atom qaʼriga sayohat, T., 1996.
  5. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  6. Sadik Azimovich Azimov / M. S. Saidov ; Sost.: K. G. Gulamov, R. A. Muminov, L. I. Selivanova. – Tashkent : Fan, 1984. – 71 s. – (Materiali k biobibliografii uchenix Uzbekistana)
  7. Указ Президента Республики Узбекистан от 23 avgust 2002 года № УП-3117 «О награждении посмертно деятелей науки и искусства, внесших огромный вклад в развитие науки и культуры Узбекистана