Sohibov Shohnazar
Sohibov Shohnazar (1903.16.5, gʻoz. Vobkent tumani Kumushkent qishlogʻi — 1973.21.3, Dushanba) — oʻzbek va tojik hofizi, sozanda, bastakor. Oʻzbekiston (1944), Tojikiston (1957)da xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi. Samarqand musiqa va xoreografiya instituti (1928—32), Moskva Oʻzbek opera studiyasining kompozitsiya sinfida (1935— 41) taʼlim olgan. Samarqand (1931 — 33) va Buxoro (1933 — 35) musiqali drama teatrlari, Oʻzbekiston radioqoʻmitasi xalq cholgʻu asboblari ansamblining (1945—47) musiqa rahbari, Oʻzbek davlat filarmoniyasi (1943— 45), Tojik davlat filarmoniyasi (1947—50)da badiiy rahbar. Tojikiston xalq ijodi uyida katta ilmiy xodim (1950—66). 1966-yildan Tojikiston radio va televideniyesi Shashmaqom ansamblining rahbari. S. Buxoro ijrochilik maktabi anʼanalarini davom ettirib, mumtoz ashulalar va maqom yoʻllarini oʻzbek va tojik tillarida mahorat bilan kuylagan. S. vokalraqs syuitasi, bir qancha qoʻshiklar va marshlar yaratgan. F. Shahobov, B. Fayzullayevlar bilan Tojikistonda Shashmaqomni notaga olib, V. Belyayev tahririda nashr ettirgan (1950—1967, Rudakiy nomidagi Tojikiston Davlat mukofoti laureati, (1972).
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |