Sonata
Sonata (italyancha: sonata, lotincha: sonare – „yangramoq“) – kamer-cholgʻu musiqasining asosiy janrlaridan. 3 qismli turkum asar, baʼzan 1, 4, 5 qismlilari ham uchraydi. 3 qismli mumtoz sonataning 1 va 3 qismlari tez, 2qismi vazmin surʼatlidir. 1-qismi (sonata allegrosi) 3 yirik boʻlimdan tashkil topadi: qaramaqarshi musiqiy mavzularni namoyon qilish (ekspozitsiya), ularni birbiriga taqqoslab rivojlantirish (2-boʻlim), soʻngra asosiy kuylarni oʻzaro yaqinlashtirib birlashtirish (repriza). „sonata“ atamasi 16-asrdan maʼlum boʻlib, avvalboshda kantatadan farqdi oʻlaroq har qanday cholgʻu pyesa ham sonata deyilgan. 17-asr boshlarida sonataning 2 koʻrinishi (cherkov sonatasi va kamer sonata) shakllandi. 18-asr oʻrtalarida D. Skarlatti, F. E. Bax klavir sonatalar yozishgan, Y. Gaydn, V. Motsartlar sonataning mumtoz namunalarini yaratishdi. Sonata rivoji va yuqori choʻqqilarga chiqishida Lyudvig van Betxoven sonatalari muhim ahamiyatga ega boʻldi. L. Betxoven sonatani rang-barang mavzu va mazmun, murakkab shakl bilan boyitib, janr imkoniyatlarini kengaytirdi. F. Shopen, R. Shuman, F. List, I. Brams, E. Griglar sonata rivojiga katta hissa qoʻshdilar. Romantizm davri va 20-asr kompozitorlari ijodida ham sonata asarlari muhim oʻrin egalladi. Oʻzbekistonda ilk sonatalarni 1940—50 yillarda Ik. Akbarov, F. Nazarov, G. Mushel, A. Kozlovskiy kabi kompozitorlar yaratishgan. Keyinchalik, E. Solihov, N. Zokirov, A. Ergashev, D. Saydaminova, H. Rahimov, N. Gʻiyosov va boshqa kompozitorlar ijodida rivojlangan. Shuningdek, sonataning kichik hajmdagi turi – sonatina oʻzining soddaligi, ijro uslubining oddiyligi bilan ajralib turadi.[manba kerak]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |