Sotti Husayn (taxallusi; asl ism-sharifi Husainov Sotti) (1906, Qoʻqon – 1942.5.9, Toshkent) – tanqidchi va adabiyotshunos. Moskvadagi kechki Adabiyot institutida oʻqigan (1934—35). „Yosh leninchi“ gaz.da muharrir (1927—28), Moskvadagi SSSR xalqlari muzeyida voiz, „SSSR hukumati qonunlari majmuasi“ jurnalining oʻzbekcha nashrida muharrir (1934—37), Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida rais oʻrinbosari (1937—38), Til va adabiyot institutida direktor (1938—40), Oʻzbekiston KP (b) MKda boʻlim mudiri (1941— 42). S. H.ning „Duoxon“ va „Johillik balosi“ ilk pyesalari 1921—22 ylarda yozilgan hamda Qoʻqon sh. madaniyat klubida sahnalashtirilgan. „Loyqalar“ („Gʻalaba“) pyesasi 1930-yilda Oʻzbek davlat drama teatri sahnasida qoʻyilgan. Shundan keyin u „Qizil tayoqchilar“ (1935) va boshqa pyesalarni yozgan. S. H. matbuot, teatr, musiqa, adabiyot, tarjima masalalariga bagʻishlangan maqolalar eʼlon qilgan. U Hamza merosini oʻrganish ishini boshlab, „Hamza Hakimzoda hayoti va faoliyati“ (1941) monografiyasini chop etgan va Hamzaning „Tanlangan asarlar“ini Yu. Sultonov bilan birga nashrga tayyorlagan.

Manbalar

tahrir
  • Tanlangan asarlar, T., 1974.