Sport anjomlari va jihozlari — jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlari, musobaqalari uchun moʻljallangan aslahalar, maxsus qurilma va asbob-uskunalar. Xalqaro yoki milliy (sportning milliy turlari uchun) sport federatsiyalari tasdiqlagan standartlar (qoidalar, normalar)ga muvofiq tayyorlanadi va standartlar boʻyicha xalqaro yoki davlat tashkilotlari tomonidan roʻyxatga olinadi. Sport anjomlari (snaryadlari), sport jihozlari, poyabzal va kiyimlari mavjud. Sport oʻyinlari uchun toʻplar, chavgonlar, raketkalar; kamon, rapira, qilich, shamshir; yengil atletikada nayza, lappak, boskrn, yadro, langarchoʻp; gimnastika anjomlari; ogʻir atletikada — shtanga, toshlar; konki, changʻi va boshqa sport anjomlari hisoblanadi. Eshkakli (akademik qayiq, baydarkalar, kanoe) va yelkanli (yaxtalar) qayiqlar, chanalar, velosipedlar (trekka, shossega, tandemga muljallangan), turli mototsikllar, sport avtomobillari, kartlar, planyorlar va sport samolyotlari kabi snaryad apparatlar alohida guruhni tashkil etadi. Sport jihozlari qatoriga sport arenalarining uskunalari: darvozalar, toʻrlar, qalqonlar (shchitlar): toʻsiqlar, bokschilar ringi, gimnastika gilami va boshqa; sport musobaqalari va mashgʻulotlarda ishlatiladigan maxsus texnika (fotofinish, elektr tablo, turli trenajerlar va boshqalar) kiradi. Sport kiyimi va poyabzali har bir sport turi uchun xalqaro sport federatsiyalari tomonidan qoʻyilgan texnik, gigiyenik va estetik talablarga muvofiq boʻlishi kerak. Ayrim sport turlarida kiyim himoya vositasi vazifasini bajaradi (shlemlar, niqoblar, koʻzoynaklar, qoʻlqoplar va hokazo). Poyabzal maxsus moslamalar (tishlar, zarbani yumshatuvchi amortizatorlar, qoplamalar va boshqalar)ga ega boʻladi.