Stenofagiya
Stenofagiya (yun. sthenos — kuch va ...fagiya) — hayvonlarning bir xil (monofagiya) yoki bir necha xil oziq turiga (oligofagiya) ixtisoslashuvi. S. muayyan oziq xilini topish va hazm qilish uchun zarur boʻlgan anatomik, fiziologik va biokimyoviy moslanishlar bilan bogʻliq. Mac, kavsh qaytaruvchi oʻtxoʻr hayvonlar oshqozoni 4 kamerali; parazit tasmasimon chuvalchanglarda ichak boʻlmaydi. Tuxumxoʻr ilonlarning oʻtkir qovurgʻalari ichak boʻshligʻiga chiqib turishi yutilgan tuxumning poʻchogʻini ezishga yordam beradi; sirtlonlar tishi suyakni maydalashga moslashgan. Monofaglar organizmida ishlab chiqariladigan maxsus fermentlar koʻpincha ularning boshqa hayvonlar hazm qilolmaydigan oziq (mas, teri, jun, pat, mum va boshqalar) ni hazm qilishga yordam beradi. Qiyin hazm boʻladigan organik moddalar va energiya bilan oziqlanish hayvonlarning ekosistemalardagi moddalar va energiya aylanishidagi ahamiyatini oshiradi. S. turlari xilmaxil va ular orasida oziqga nisbatan konkurensiya kuchli boʻlgan biogeotsenozlar (tropik oʻrmonlar)da keng tarqalgan. S.ning aksi evrifagiya koʻp xil oziq turiga moslanishni anglatadi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |