Stenokardiya
Stenokardiya (yunoncha stenos — tor, qisqa va kardia — yurak), yurak qisishi — yurak ishemik kasalligining keng tarqalgan shakli; koʻkrak sohasida toʻsatdan paydo boʻladigan gʻijimlovchi ogʻriq stenokardiyaning asosiy belgisidir. Stenokardiyada ogʻriq toʻsh orqasida boʻlib, koʻpincha toʻsh suyagidan chaproqda — yurak sohasida ham sezilishi mumkin. Toʻsatdan tutgan ogʻriq bir necha daqiqadan yarim soatgacha davom etib, chap qoʻlga, kurakka, yelka va boʻyinga, baʼzan esa oʻng tomonga, orqaga, oʻng qoʻlga tarqalishi mumkin. Koʻpincha ogʻriq xuruji oʻlim vahimasi bilan kechadi[1].
Stenokardiya xurujiga aterosklerozyaa yurak toj tomirlarining torayishi va qisilishi (spazmi) oqibatida yurak muskullarining qon bilan yetarli taʼminlanmasligi sabab boʻladi. Bu avval nisbiy harakterda boʻlib, faqat jismoniy mashgʻulot paytida (yurak muskullarining oziq moddalar va kislorodga ehtiyoji oshganda) kuzatiladi. Zoʻriqish stenokardiyasi deb ataladigan bu xolatda ogʻriq xuruji koʻpincha tez yurganda, balandlikka koʻtarilganda yuz beradi va odatda, bemor harakatdan toʻxtaganda oʻtib ketadi. Harakat davom ettirilsa, ogʻriq qayta paydo boʻlishi mumkin va bemor har 100—200 qadamdan keyin toʻxtashga majbur boʻladi. Ayrim hollarda zoʻriqish stenokardiyasi hayajonlanganda, shuningdek, chekkanda, spirtli ichimliklar ichganda, toʻyib ovqatlanganda yuz berishi mumkin. Keyinchalik kasallik zoʻrayishi natijasida ogʻriq xurujlari organizmning tinch xolatida (tinch holatdagi stenokardiya) ham paydo boʻladi. Tinch holatdagi stenokardiya koʻpincha kechasi, odam uxlab yotganda roʻy beradi. Stenokardiya xuruji 1—2 daqiqa davom etib, nitroglitserin shimilganda oʻtib ketadi. Ayrim hollarda stenokardiyaning ogʻir xuruji yarim soatdan koʻproq davom etib, nitroglitserin foyda bermasligi va miokard infarqti kuzatilishi mumkin.
Koʻkrak qafasining chap tomonidagi har qanday ogʻriq stenokardiyaga xos boʻlavermaydi. Nevroz, yurak poroklari, umurtqa pogʻonasining boʻyinkoʻkrak boʻlimi kasalliklari va hokazoda ham stenokardiyadagidek ogʻriq boʻlishi mumkin. Shuning uchun koʻkrak sohasidagi ogʻriq bilan kechadigan kasalliklarga faqat vrach tekshirgandan keyingina diagnoz qoʻyilishi kerak.
Stenokardiya xurujining oldini olish maqsadida jismoniy harakat qilmaslik (mas, tez yurmaslik, balandlikka koʻtarilmaslik, hayajonlantiruvchi manzaralarga qaramaslik va boshqalar), asablarni toliqtirmaslik lozim, butunlay yotib olmaslik ham kerak; oz-ozdan jismoniy mehnat qilish, ogʻriq boʻlmasa, koʻproq shugʻullanish mumkin. Davo fizkulturasi bemorning umumiy holatini yaxshilaydi. Ovqatni oz miqdorda, lekin dambadam yeb turish kerak (yana qarang Yuraktomir sistemasi).
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |