Stixiya (ruscha: Стихия) — Oʻzbekistonning Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq shahri yaqinida Orol dengizining qurib qolgan hududida oʻtkazilgan elektron musiqa, sanʻat va fan festivali. Festival 2017-yilda Oʻzbekistondagi faollar tomonidan tashkil etilgan va Orolboʻyi hududini rivojlantirishga qaratilgan loyihadir.[1] 2021-yil 14–15-may kuni oʻtkazilgan festivalda bir nechta davlat sanʼat vakillarini, xususan, Qozogʻiston, Turkiya, Rossiya va Qirgʻizistondan tashrif buyurgan musiqachilar, DJ’lar, produserlar, rassomlar va olimlar ishtirok etadigan bir nechta loyihalar oʻzida jamlangan. Ularning barchasi yer yuzidagi ogʻir sharoitli hududlarda diqqatga sazovor joylarni yaratish umumiy maqsadi bilan birlashtirilgan[2].Ikki kun davom etgan festivalning oʻtkazilishida, 700 million soʻm (deyarli 67 million dollar) sarflangan[3], xususan, musiqa festivalining asosini tashkil etuvchi ovoz tizimlari ijarasi uchun 15 ming AQSh dollari toʻlangan[4]. Tadbirda ishtirok etish uchun 1400 kishi roʻyxatdan oʻtgan. Shulardan 1000 nafarini oʻzbekistonliklar, 400 nafarini esa chet elliklar tashkil etgan[3].

Qoʻshimcha loyihalar

tahrir
  • Hashar week — Chiqindilarni boshqarish siyosati. Uning maqsadi Hashar Week loyihasi bilan hamkorlikda aholi, biznes, davlat idoralari va xalqaro tashkilotlarni atrof-muhit muammolarini hal qilishda faol ishtirok etishga jalb qilish, ekologik madaniyatni oshirish va Oʻzbekistonda barqaror rivojlanish modelini shakllantirishdir. Ushbu siyosat 7 boʻlimni oʻz ichiga olgan: 1. Madaniyat; 2. Gigiyena; 3. Saralash; 4. Oziq-ovqat; 5. Qayta oʻylang; 6. Nazorat; 7. Idishlar.
  • Stixiya N+1 — bu insoniyat faoliyatining bugun va kelajakka taʼsirini muhokama qilishga qaratilgan forum. 2021-yil 15-mayda oʻtkazilgan Stixiya N+1 ilmiy forumida ekologiya va kelajak avlod uchun tabiiy resurslarni saqlash masalalari muhokama qilingan. Forumda Oʻzbekiston va Rossiyadan kelgan olimlar, ekologlar va mutaxassislar ishtirok etgan. „6 milliard daraxt“ ijtimoiy aksiyasi doirasida Moʻynoqda 5 mingdan ziyod koʻchat oʻtqazilgan[5]. Shuningdek, ushbu sanada oʻtkazilgan forumda Stixiya Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati — GIZ bilan ish birligi olib borilishi qayd etilgan edi. Loyiha natijasi Oʻzbekiston hukumati, GIZ, olimlar, maslahatchilar va tadbirkorlar hamkorligiga asoslangan.
  • „Waiting for the Sea“ — bu amerikalik rejissor Jorj Itsxakning qisqa metrajli hujjatli filmi. Film bir nechta nufuzli ixtisoslashtirilgan festivallarda, jumladan, Moskva „Shorts“ xalqaro kinofestivali, Livan mustaqil kinofestivali va Praga xalqaro Indie filmlar festivalida yuqori mukofotlarga sazovor boʻlgan. Film Orol fojiasi, musiqa festivali, shuningdek, Oʻzbekistonda paydo boʻlayotgan elektron sahna haqida hikoya qiladi.

Homiylar

tahrir

Festivalni oʻtkazish doirasida milliy va xorijiy tashkilotlar haomiylik qilgan. Xususan, Oʻzbekiston Turizm va Sport vazirligi, Indorama korporatsiyasi, Rossiya davlat atom energityasi korporatsiyasi (Rostatom), Markaziy Osiyo rivojlanayotgan savdo bo'yicha huquqqiy firmasi (Centil.law — Central Asia emerging markets law firm), Abraucapital shular jumlasidan.

Hamkorlar

tahrir

Hashar week, Peopletravel, Oʻzbekiston oʻrmon xoʻjaligi qoʻmitasi, Hyatt Regency, Moʻynoq tumani hokimligi, „Wild“ (Eco camp inn), SamAuto va „Yastreb“ („Ястреб“).

Nizolar

tahrir

Ushbu tadbir boʻlib oʻtganidan so'ng 17-may kuni ijtimoiy tarmoqlarda festivaldagi kechada sayyoh ayollar yalangʻoch holda raqsga tushgani aytilgan video tarqaldi va koʻplab muhokamalarga sabab boʻldi. Qoraqalpogʻiston Turizm va sport vazirligi axborot xizmati ushbu xabarlarni rad etib, tarmoqlarda tarqalgan nojoʻya videolar Stixiya festivalidan olinmagani toʻgʻrisida izoh bergan[6]. Oʻzbekiston Turizm va sport vazirligi axborot xizmati ham holat yuzasidan oʻz bayonotini berdi. Unda qayd etilishicha, videoning Stixiyaga hech qanday aloqasi yoʻq va u festivaldan bir necha yil oldin suratga olingan. Ushbu video portugal tilidagi pornografik saytdan olingan va shaxsiy manfaatlar uchun ishlatilgan. Festival qoraqalpoq va oʻzbek xalqlarining madaniy qadriyatlarini obroʻsizlantirishga qaratilgan emas. Ushbu tadbir resurslarga ehtiyot boʻlishga chaqiradi, atrof-muhitni tozalashni odatga aylantiradi, Orol dengizi ekologik falokati, madaniyat, ilm-fan va san’at rivojini oʻrganish uchun keng koʻlamli tadqiqotlarni ragʻbatlantiradi[7].

Manbalar

tahrir