Substansiya (lot. substantia — mohiyat) — narsa va hodisalarning mohiyatini, asosini ifodalovchi tushuncha. Odatda, materiya, modda soʻzining sinonimi sifatida qoʻllanadi. S. falsafada xilmaxil olamning, obyektiv reallikning, tabiat, jamiyat, inson va uning tafakkuri tarixini, inson bilimlarining natijalarini ham oʻziga qamrab oluvchi konkretlikning nazariy inʼikosi, bilish nazariyasining asosiy tushunchasi sifatida talqin etiladi. Bunday universal mohiyat muayyan narsa, hodisalar va ularning oʻzaro aloqadorliklari orqali namoyon boʻladi. Yunon faylasuflari S. deb narsalarning doimiy, tub va oʻzgarmas xususiyatini, asl mohiyatini anglashgan, universiteta aksidensiya tushunchasini qaramaqarshi qoʻyishgan. Keyinchalik sxolastlar butun mavjudotning asl mohiyatini tashkil etuvchi S. — xudodir degan gʻoyani ilgari surdilar (qarang Sxolastika). Olamning moddiy sababi va ilohiy S. haqidagi dualistik talqinni R. Dekart olgʻa surdi, u Spinoza falsafasida yanada rivojlantirildi. I. Kant Sni tafakkurning aprior shakli, yaʼni tajribadan olingan bilimlarni sintezlovchi shakli deb izohladi. Uning fikricha, S.ning doimiyligi barcha vaqt mobaynida oʻtkinchi boʻlgan narsalarga nisbatangina namoyon boʻladi. Gegel Sni narsalardagi oʻzgaruvchan, oʻtkinchi tomonlarning yaxlitligi sifatida taʼriflab, uni "har qanday haqiqiy rivojlanishning asosidir", deydi.

Sharq falsafasida Forobiy Sni eng umumiylik sifatida tushuntirgan. Ibn Sino Sni "substansional umumiylik va aksidental umumiylik"ning oʻzaro munosabati doirasida talqin etib, ularning birbiri bilan bogʻlanganligiga, biri ikkinchisisiz mavjud boʻla olmasligiga eʼtiborni qaratdi. Sni tushunishda ham materialistik, ham idealistik qarash bor. Materialistlar S. deb obyektiv reallikni, materiyani, idealistlar esa, xudoni, mutlaq gʻoyani, ruhni, umuman moddiy boʻlmagan asosni tushunadilar. Pozitivistlar Sni mavhum tushuncha sifatida taʼriflab, bu tushuncha tadqiqotchini chalgʻitib, uning fikrini yoʻq narsaga bogʻlab qoʻyadi, aslida odam xilmaxilliklar va ularning birliklaridan iborat, bunga esa moddiylik ham, maʼnaviylik ham kiradi deb hisoblashadi. Hozirgi zamon tabiatshunosligi uchun S. faqat rasmiy tushuncha boʻlib, hodisalarni ifodalovchi degan maʼnoni bildiradi.