Soʻgʻd
Sugʻd, Soʻgʻd, Sugʻud – Markaziy Osiyodagi qadimiy tarixiy-madaniy viloyat. Ilk bor miloddan avval VII-VI asrlarda qadimiy „Avesto“da tilga olingan. Bu nom 20-asr boshlarigacha saqlangan. Turli manbalardagi Soʻgʻda, Soʻgʻuda, Soʻgʻdiyona nomlarining kelib chiqishi va ularning maʼnosi hozircha nomaʼlum.
Tarifi
tahrir„Sugʻd“ soʻzining maʼnosi fanda har xil talqin qilib kelinadi. Masalan, Soʻch —Soʻz – „kuymoq, yonmoq, porlamoq“ deb izohlangan. Bundan Sugʻdni „Muqaddas ilohiy olov (Zardushtiylik tasavvuriga koʻra) bilan poklangan yer“ kabi maʼnoda talqin etishga harakat qilingan (V. Tomashek). Yana bir izohga koʻra, „Sugʻd“ soʻzi sernam, unumdor yer deb tushuniladi. Bunga hozirga qadar pastlik, suv yigʻiladigan yer „S, Sugʻut“ deb nomlanishini dalil qilib koʻrsatiladi. Avestoda Sugʻd mamlakat nomi sifatida bir marta uchraydi. „Ardvisura Yashti“ —(„Obon Yasht“) va Ardvi (Amudaryo) Ishkata, Paruta, Mouri, Suguda va Xvarazm tomon hayotbaxsh suvlarini eltadi, deya taʼkidlanadi. Avestoning Videvdat naskida esa Axuramazda yaratgan ezgu yurtlardan biri Gava deyiladi va u yerda sug'dlar yashaydi deb koʻrsatiladi[1].
Joylashuvi
tahrirSoʻgʻdiyonaning markazi Maroqanda shahri boʻlgan. Maroqandaning qoldiqlari – bu hozirgi Afrosiyob shahar xarobalaridir. Ahamoniylar davrida bu shaharning maydoni 219 gektardan iborat bo'lib, u mudofaa devorlari bilan oʻralgan edi. Yunon tarixchilarining ma'lumotlariga qaraganda, Maroqandaning uzunligi 11 km ga yaqin boʻlgan tashqi devori va qoʻrgʻoni boʻlgan. Soʻgʻdiyonaning markaziy shaharlari qatoriga Qarshi atrofidagi Yerqoʻrgʻon, Qashqadaryoning sharqiy qismidagi Uzunqir yodgorliklarini ham kiritish mumkin. Bu yodgorliklarda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar qadimgi Soʻgʻdiyona aholisining xoʻjaligi va madaniyatini chuqurroq oʻrganish imkonini beradi.
Tarix manbaalarida uchrashi
tahrir„Avesto“ning „Yasht“ kitobida tilga olingan „Soʻgʻd makoni Gava“- Soʻgdiyonaning eng qadimgi viloyati bo'lishi mumkin. Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, Gava (Gau) – „buqa“, „poda“ degan maʼnolarini bildirib, u Qashqadaryo vohasi bilan bog'lanadi. Bu soʻz viloyatning juda koʻp geografik nomlarida takrorlanib saqlangan. Qadimgi yunon tarixshunoslari Soʻg'diyonani Baqtriya yoki sak-massagetlariga nisbatan kamroq tilga olganlar. Makedoniyalik Iskandar yurishlaridan soʻng Soʻg'diyona haqida maʼlumotlar ancha to'liqroq bo'lib, kengayib boradi[2]. Soʻgʻdiyona – bu Zarafshon, Qashqadaryo vohalarida joylashib, janubi-sharqda Baqtriya va shimoli-g'arbda Xorazm bilan chegaradosh boʻlgan. Qadimgi zamonlarda ham Soʻgʻdiyona muhim savdo yo'llarining chorrahasida joylashgan. Soʻgʻdiyona haqida „Avesto“, Gerodot va Ahamoniylar davri yozuvlarida ma'lumotlar berilgan[3].
Miloddan avval VI asrda Ahamoniylar sulolasi vakillarining qoyatosh xotirot bitiklarida Suguda shaklida qadimiy Eron saltanatiga tobe qilingan satrapliklardan biri, mamlakat nomi sifatida qayd etilgan. Yunon manbalarida – Sogdianoy. Bu shakl yunonlar tomonidan soʻz tarkibidagi – anaka – tegishlilik, mansublik maʼnosini bildiruvchi nisbat qoʻshimchasini soʻz oʻzagiga qoʻshib yuborishdan paydo boʻlgan. Xitoy manbalarida – Suli. Sugʻd yozuvi yodgorliklari mamlakat nomini Sugʻd yoki Sgʻud shaklida koʻrsatadi.
Sugʻdik yoki Sgʻudik, Sugʻdiyonak – Sgʻudiyonak shakllari „Sugʻdga oid“, „Sugʻdiy“ kabi maʼnolarda qoʻllanadi. Oʻrta asrlarda arabiy, forsiy, turkiy manbalar mamlakat nomini „Sugʻd“ shaklida qoʻllaydi.
645—654-yillarda
tahrirSugʻd mamlakati (poytaxti – Samarqand, 645—654 yillarda Kesh) 3 ta tarixiy-geografik hududni birlashtirgan. Samarqand Si, Buxoro Si va Kesh-Naxshab Si. Har 3 qism oʻzaro tabiiy chegaraga ham ega edi: Zarafshon togʻ tizmalari Samarqand va Kesh-Naxshab oʻrtasini Karmanadan keyin Malik choʻli Buxoro va Samarqand Sini ajratib turgan.
Buyuk ipak yoʻlining markaziy tarmoqlari Sugʻd orqali oʻtgan. Natijada Sugʻd xalqaro savdo munosabatlarida muhim oʻrin tuta boshlagan. Buyuk ipak yoʻli boʻylab Sugʻd savdogarlarining qishloqlari, shaharlarida esa ularning mahallalari paydo boʻlgan. Sugʻdiy tili xalqaro til rolini oʻynagan. Bu hol Xitoy sayyohlari tomonidan Sugʻd chegaralari haqida notoʻgʻri tasavvurlar hosil qilgan (Syuan Szan).
Sugʻd miloddan avval VI-IV asrlarda avval ahamoniylarga, soʻngra miloddan avval 329-yilda Iskandar Makadoniy saltanatga, uning davomchisi Salavk davlatiga, Yunon-Baqtriyaga tobe boʻlgan.
Miloddan avvalgi II-I asrlarda
tahrirMiloddan avval II-I asrlardan boshlab Sugʻd oʻz mustaqilligini tiklashga kirishgan. Uning markaziy va mahalliy tangalari zarb qilina boshlagan. Sugʻd asta-sekin har 3 qismni oʻz atrofiga toʻplagan konfederativ davlat uyushmasiga aylanib borgan.
Milodiy I-V asrlarda Sugʻd kushonlar, xioniylar, abdallar, kidarlar taʼsirida boʻla turib, oʻz nisbiy mustaqilligini saqlab keldi. Sugʻd konfederatsiyasi milodiy VI asr oʻrtalaridan VIII asr boshlarigacha siyosiy jihatdan kuchayib borgan. Arab istilosining boshlangʻich davridan (VIII asr 1-chorak), to Sugʻd podshohi Turgʻar davri oxirigacha (738—759 yillar) Sugʻd oʻzining konfederativ xususiyatini saqlashga harakat qilgan. Turgʻardan keyin Sugʻdda ixshidlik siyosiy hokimiyat tugab, mamlakat xalifalik tarkibiga singdirilgan.
IV-VIII asrlarda
tahrirIV-VIII asrlarda soʻgʻdlar Uzoq Sharq, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mintaqalari savdosida asosiy vositachi boʻlganlar va butun Buyuk ipak yoʻli boʻylab muntazam xalqaro karvon savdosini tashkil etganlar. Soʻgʻd bu davrlarda bekliklar va erkin shaharlar hamdoʻstligidan iborat boʻlgan va ular orasida Samarqand, Maymurgʻ, Kesh, Naxshab, Ishtixon, Kushaniya, Buxoro, Amul va Andxoy ajralib turgan. Xitoygacha boʻlgan butun yoʻl boʻylab, janubdagi Xotan va Sharqiy Turkiston orqali Lob Nor va Yettisuv shimoligacha soʻgʻd mulkiy hududlari tarkib topgan va ular XII asrgacha mavjud boʻlgan. Soʻgʻdlarning Turon va Xitoydagi eng yirik mulklari ularning alohida jamoalar boʻlib yashagan Kucha, Chanan, Lanchjou, Dunxuan, Loyan kabi shaharlarda mavjud boʻlgan. IV asrda Dunxuanning oʻzida soʻgʻd jamoasi taxminan 1000 kishidan iborat boʻlgan. Samarqandning sharqiy darvozalari „Xitoy“ nomi bilan ataladi. Xalqaro savdo aloqalari Samarqand, Paykend va boshqa yirik shaharlardagi boy soʻgʻd uylari tomonidan nazorat qilinar edi. Ular oʻz vositachilari orqali kreditlar berishgan, savdo kelishuvlarini boshqarishgan. Tan sulolasi tarixida qayd etilishicha, Kan hukmdorligida „yangi tugʻilgan oʻgʻil chaqaloq shirinsoʻz boʻlishi hamda pulni mahkam ushlashi uchun uning tiliga tosh asal, kaftlariga esa yelim surtilgan. 20 yoshga toʻlgan erkak xorijga ketgan va qaysi joyda manfaat koʻrsa, oʻsha yerga borgan“. Olis safarlar, Chin, Hindiston, Eron, Kichik Osiyo xalq hunarmandchiligi va anʼanalari bilan tanishuv orqali Gʻarb va Sharq yutuqlarini oʻzida mujassam etgan noyob va ochiq soʻgʻd madaniyati shakllangan. Soʻgʻd hunarmandchiligi markazi va savdo yoʻllari – Samarqand, Panjikent, Paykent, Buxoro va Varaxshi xavfsizligini taʼminlash ehtiyoji kuchli davlatlar bilan ittifoq tuzishga qaratilgan siyosiy yoʻnalishni belgilab bergan. VI asrda Soʻgʻd Eftaliylar davlati, keyinchalik Turk xoqonligi tarkibiga kirgan, 630-yildan buyon esa Chinning Tan sulolasi hukmdorligini tan olgan. Xoqonlik yuksalishi davrida soʻgʻdlar turkiylarning Xitoydan oʻlpon sifatida olgan shoyi bilan savdo qilish imkoniyatiga ega boʻlishgan. VI asr 70-yillarida turkiy hukmdorlar farmoni bilan soʻgʻd savdogari Maniax savdo kafolatlari yuzasidan muzokaralarni avvaliga Eron Shahanshohi, soʻngra Vizantiya imperatori bilan olib borgan. Oʻrta asrlarda soʻgʻd tili Buyuk ipak yoʻlidagi asosiy muloqot tiliga aylangan. Buddaviylar, nasroniylar, manixeylar oʻzlarining diniy matnlarini soʻgʻd tiliga tarjima qilishgan. Bunda ular oʻzlarining yozma anʼanalaridan foydalanishgan: buddistlardan hind alifbosi, manixeylardan arameys bosmasi, nasroniy-suriyaliklardan dastlabki umumiy maktubot, nestoriyan va yakovitlardan diniy eʼtiqod alifbolarini oʻzlashtirishgan. Ammo ular aramey alifbosiga asoslangan va keyinchalik uygʻurlar tomonidan foydalanilgan ilk soʻgʻd yozuvi oʻrnini egallay olmadi. Mazkur yozuv namunalari bilan Dunxuandagi mulkiy hududlardan yoʻllangan „koʻhna maktublar“ va Zarafshon vodiysidagi Mug togʻida topilgan hujjatlar yordamida tanishish mumkin. VIII asr boshida Soʻgʻd Qutayba ibn Muslimning musulmon qoʻshinidan magʻlubiyatga uchraydi va halifalikka itoat etgan holda islom dinining jugʻrofiy-siyosiy makonida qudratli savdo-hunarmandchilik markazi boʻlib qoladi.
Manbalar
tahrirAdabiyotlar
tahrir- Sogdiyskiye teksty s gory Mug. Chteniye, perevod, kommentariy. Vypusk II. Yuridicheskiye dokumenty i pis’ma. Chteniye, perevod i kommentarii V. A. Livshitsa. M., 1962
- Shishkina G. V., Suleymanov R. KH., Koshelenko G. A., Sogd // Arkheologiya SSSR. Drevneyshiye gosudarstva Kavkaza i Sredney Azii. Otv. red. G. A. Koshelenko. Moskva: Nauka, 1985
- Smirnova O. I., Ocherki iz istorii Sogda, M., 1971;
- Ishoqov M., Sugʻdiyona tarix chorrahasida, T., 1990;
- Ishoqov M., Unutilgan podsholikdan xatlar, T., 1992;
- Eshov B., Sugʻdiyona tarixidan lavhalar, T., 2002.
- Mirsodiq Ishoqov.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |