Rushana Sultonova
Rushana Ramilovna Sultonova (1965.27.11, Buxoro viloyati Gazli shahri)— raqqosa, baletmeyster. Oʻzbekiston xalq artisti (1998). 1979—84 yillar Xoreografiya bilim yurtida, Toshkent davlat madaniyat institutida (1991) o'qigan.1984—94 yillar Navoiy teatrida, 1994—98 yillarda "Bahor" ansamblida, 1998—99 yillar "Yetti goʻzal" ansamblida, 2000-yildan "Oʻzbekraqs"da yetakchi raqqosa. Shuningdek, 2002-yil oʻzi tashkil etgan (Sh. Vohidov bilan birgalikda) "Ey sanam" ansamblida faoliyat koʻrsatmoqda. R. Sultanova raqslari tabiiy talqini, musiqaviyligi, ohangga mos xirom etishi, yuqori raqs madaniyati bilan ajralib turadi. S. barcha viloyatlar boʻyicha folklor raqslarni ijro etgan. "Doira chorlaydi", "Buxorocha", "Qizbola", "Xorazm raqsining tugʻilishi" (klipi bilan), "Firoq", "Bahor ayyomi", "Noznoz", "Bonubonu", "Sarvinoz", "Orazibon lazgisi", "Tanavor 2", "Gulsanam", "Uchrashuv", shuningdek, tojikcha, afgʻoncha, loʻlilar raqsi va boshqa koʻpgina xalqlarning raqslarini ijrochisi sifatida tanilgan. R.Sultanova haqida "Rushana Sultonova raqsga tushadi" filmlari (1986 telefilm, rejissyor Sh.Xoʻjayev; 2000, rejissyor Davron Salimov) ishlangan.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |