Suvor
Suvor, Suvar - Volga-Kama Bulgʻoriyasidagi shahar. 9-asrda barpo etilgan; yozma manbalarda 10-asrdan qayd qilingan. Istaxriy va Muqaddasiylar suvor elati haqida xabar berganlar. S. shahar harobasi Tatariston Respublikasidagi Kuznechixa qishlogʻi yaqinida (Volganing chap irmogʻi Utka daryosining yuqori oqimi boʻyida) joylashgan. S.ning katta rabodi boʻlib, shahar atrofi mudofaa xandaklari va toʻsinxodalar bilan oʻralgan edi. 1933—37 yillarda A. P. Smirnov rahbarligida olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida Sdan turar joy (paxsa va toʻsinlardan ishlangan) qoddiqlari, gʻishtin saroy (yashil va koʻk koshin parchalari bilan qoplangan), don ombori, sopol buyumlar, qurolaslaha, bezak buyumlari topilgan. S.da xunarmandchilik va savdo (Eron, Xorazm, Vizantiya, Rus, Gruziya bilan) taraqqiy etgan. Tanga zarb qilingan (10-asr). Aholi dehqonchilik va chorvachilik bilan ham shugʻullangan. S. 10—12-asrlarda ravnaq topgan. 14-asr oxirida tanazzulga uchrab, tashlandiq holga kelgan. Ayrim olimlar (A.P.Kovalevskiy, V. F. Kaxovskiy) "chuvash" etnonimi "suvar"ning oʻzgargan shakli deb hisoblaydilar.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |