Taʼrix
Taʼrix (arab. — yuz bergan) — mumtoz adabiyotda mashhur kishilarning tugʻilishi va vafoti, turli binoinshootlarning qurilishi, kitoblar taʼlifi va boshqa muhim voqea-hodisalar vaqtini anglatuvchi sanʼat. T. koʻpincha u yoki bu mashhur shaxsning vafoti munosabati bilan yozilgan. T.da qoʻllangan soʻz va iboralar, ularni tashkil etgan arab harflarining abjad rakami bilan qoʻshib hisoblanganda, maʼlum bir sana kelib chiqadi. Sanani biddiradigan soʻz yoki ibora T. moddasi, ularni tashkil etgan harflarning abjad boʻyicha yigʻindisi jumal deyiladi. T. faqat mustaqil yozilmay, baʼzi bir asarlarning ichida ham keladi.
T.da shoir koʻzda tutgan sana soʻz yoki muammo usulida ifodalanadi. Shunga koʻra, T. sarih (ochiq, ravshan) va taʼmiya (berkitilgan, yashirilgan) kabi 2 turga boʻlinadi. T.ning sarih turida sana ochiq ifodalansa, taʼmiyada avval T. moddasi topiladi. Mas., Karimbek Kamiy Chimkentdagi bir jomeʼ mayejidining taʼmirlanish sanasi haqida shunday yozadi:Soli taʼmirin savol etgan kishi, Ey Kamiy, ravshan javob etgil ango: Mingu uch yuz ham oʻtuz erdi faqat, Soli taʼrixi bu itmomi bino.
Kamiy bu yerda "mingu uch yuz ham oʻtuz" (hijriy 1330-yil) deb, mazkur mayejidning taʼmirlanish sanasini ochiq bayon etadi.
T. oʻziga xos qonuniyat va poetik xususiyatlarga ega.
Zamonaviy adabiyotda Anisiy, Habibiy, Gʻ.Gʻulom, Ulfat, Chustiy va boshqa T. yozganlar. Arab yozuvi va abjad hisobiga asoslanganligi uchun hozirgi kunda T. yozish anʼanasi toʻxtab qolgan.
Adabiyot
tahrir- Adabiy turlar va janrlar, 2j., T., 1992.
Ergash Ochilov.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |