Sezuvchanlik
Sezuvchanlik, sezgirlik, taʼsirchanlik — tirik organizmning tashqi va ichki muhit taʼsirini qabul qilish xususiyati; tor maʼnoda analizatorlarning qoʻzgʻatuvchilarga javob qaytarish qobiliyati. Nerv sistemasiga ega hayvonlarda ixtisoslashgan sezish hujayra (retseptor)lari turli qoʻzgʻatuvchilarga nisbatan yuqori darajada tanlash sezuvchanligiga ega. Mutlaq va differensial S. farq qilinadi. Analizatorlar qoʻzgʻatuvchilarning minimal darajadagi eng kuchsiz taʼsiri (sezgining mutlaq chegarasi)ni sezish qobiliyati mutlaq S.ni ifodalaydi. Sezgining mutlaq chegarasi bilan mutlaq S. birbiriga teskari proporsionaldir. Mas, bir stakan choydagi shirinlikni sezish uchun bir odam 1 qoshiq shakar solishi yetarli boʻlsa, boshqasi 2—3 qoshiq solishi mumkin. Analizatorlarning qoʻzgʻatuvchilar orasidagi bilinarbilinmas farqlar, oʻzgarishlarni sezish qobiliyati differensial S. deb ataladi. Sezishda qoʻzgʻatuvchining bilinarbilinmas oʻzgarish tugʻdiradigan miqdorining ozgina oʻsishi sezgining differensial chegarasi deyiladi. Differensial S. ham differensial chegara bilan teskari proporsionaldir.
Sezgi chegaralari va S. qoʻzgʻalish hamda tormozlanish jarayonlari bilan belgilanadi.
Nerv sistemasi qanchalik qoʻzgʻaluvchan boʻlsa, S. shunchalik yuqori boʻladi va aksincha. Qoʻzgʻalish jarayoni miya poʻstlogʻining biror qismida hosil boʻlib, boshqa qismlarga tarqaladi. Keyinchalik mashq qilib borish tufayli qoʻzgʻalish maʼlum nerv hujayralarida differensiallanadi, farqlanadi.
Qoʻzgʻatuvchining taʼsiri oʻzgarishi bilan S ham oʻzgaradi; qoʻzgʻatuvchilar sust taʼsir etganda S. oshadi, kuchli taʼsir etganda S. kamayadi. S. analizatorlarning oʻzaro taʼsiri natijasida ham oʻzgaradi. Shuningdek, S.dagi oʻzgarish hayot sharoiti, inson faoliyati bilan uzviy bogʻliq. Ayrim kasalliklar taʼsirida S. oʻzgarishi (kamayishi yoki ortishi), izdan chiqishi yoki butunlay yoʻqolishi mumkin.[1]
Manbalar
tahrir
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |