Talqincha — talqin doira usuli asosida yaratilgan maqom ashula yoʻli, talqin shoʻʼbasiga oʻxshatma, nazira; Shashmaqomning ikkinchi guruh shoʻʼbalaridan Moʻgʻulcha va Savtlarning muayyan shoxobchasi. T.lar Buzruk maqomining Moʻgʻulchai Buzruk, Savti Sarvinoz, Iroqi Buxoro, Rostning Savti Ushshoq, Savti Kalon, Savti Sabo, Navroʻzi Sabo, Navoning Savti Navo, Moʻgʻulchai Navo, Mustazodi Navo, Segohning Moʻgʻulchai Segoh shoʻʼbalarida uchraydi va shu shoʻʼbalar nomi bilan qoʻshib ataladi (mas., Talqinchai Savti Sarvinoz, Talqinchai Moʻgʻulchai Dugoh va hokazo). Iroqning Chanbari Iroq shoʻʼbasi, shuningdek, koʻpgina mumtoz kuy va ashulalar (mas., "Bayot IV", "Bayoti Sheroziy IV"), bastakorlarning asarlari ham T. usulida ijro etilgan.