Tasmali uzatma - mashina mexanizmlarida aylanma harakatni bir valdan ikkinchi valga tasma yordamida uzatuvchi mexanizm. Vallarga oʻrnatilgan shkivlar va tasmalardan iborat. Tasma bilan shkiv orasida hosil boʻluvchi ishqalanish kuchi hisobiga tasma yetakchi shkivdan yetaklanuvchi shkivga burovchi moment uzatadi. Tasmalarning tipiga qarab, Tasmali uzatma yassi, ponasimon, doiraviy kesimli va boshqa tasmali xillarga boʻlinadi (rasmga k,.). Yassi va doiraviy Tasmali uzatmada bitta, ponasimon Tasmali uzatmada esa bir necha (odatda, kamida 6—8 ta) tasma ishlatiladi. Tasmali uzatma oddiyligi, tannarxining pastligi, harakatni ancha uzok. (15 m va undan ortiq) masofaga uzata olishi, shovqinsiz ishlashi, mexanizmlarni ortiqcha zoʻriqishdan saqlashi va boshqa xususiyatlari bilan boshqa uzatmalardan farq qiladi; tasmalarning tez yeyilishi, uzilishi, oʻlchami kattaligi, val va shkivlarga katta kuch tushishi, uzatish nisbatining doimiy emasligi va boshqa uning kamchiligidir. Tasmali uzatma, 30 kVt dan bir necha yuz kVt gacha quvvat uzatishda qoʻllanadi. Tasmali uzatma avtomobillar, stanoklar, tikuv mashinalari va boshqalarda ishlatiladi.