Tenardit
Tenardit, glauber tuzi (frans. kimyogari Tenar nomidan) — sulfidlar sinfiga mansub evaporitlarga xos mineral (Na2SO4). Mexanik aralashma tarzida kam miqdorda K, Mg, C1, Vg, N2O, CaSO4 uchraydi. T. rombik singoniyada, yuqori trali fazasi — metatenardit geksagonal singoniyada kristallanadi. Orolli strukturaga ega, Na — poliedrlar sinchidan iborat, ular oʻzaro SO4 tetraedrlar bilan bogʻlangan. Rangsiz, shaffof kristallari dipiramidal yoki plitasimon shaklda boʻladi. T. fumarol faoliyatining maxsuli boʻlib, shoʻr suvli koʻllar va qoʻltiqlarda choʻkindi sifatida hamda quriyotgan shoʻr koʻllarda mirabilit, epsolit, astraxanit, gips bilan birga yoki mobilitning suvsizlanishi jarayonida hosil boʻladi. T.ning sut rangli oppoq donador agregatlari kengtarqalgan. Suvda yaxshi eriydi, taʼmi taxirshoʻr, moʻrt, shishasimon yaltiraydi. Qattiqligi 2,5—3, zichligi 2,7 g/sm3. T. oʻta toʻyingan eritmalardan 32,4° da ajralib chiqadi. NaCl boʻlganda ancha past (—13,5°S gacha) trada kristallanadi. T. QoraboʻgʻozGoʻl (Turkmaniston), Qulunda dashtidagi Mormishan koʻllari, Qozogʻiston shim.sharqi va Oʻzbekistonning Qoraumbet va Kushkantogʻ konlarida mavjud.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |