Thomas Robert Malthus
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Thomas Robert Maltus (1766.13.2, Rukeri — 1834.23.12, Bat) — ingliz iqtisodchisi, ruhoniy. Kembrij universitetining Jezus kollejini tugatgan (1788). Ost-Indiya kompaniyasi tasarrufidagi kollejda yangi tarix va siyosiy iqtisod kafedrasida professor (1805-34). M. klassik maktab vakili boʻlishiga qaramay, D. Rikardoning qiymatning mehnat nazariyasini inkor etdi va tovar qiymatini ishlab chiqarish harajatlariga qoʻshdi, foydani tovar qiymatiga nominal qoʻshimcha, deb qaradi. M. pul nazariyasiga va "ortiqcha ishlab chiqarish" nazariyasiga katta hissa qoʻshgan. "Nufuz qonuni toʻgʻrisida tajribalar" asari (1798) unga katta mashhurlik keltirdi. M. bu asarida koʻpgina iqtisodchilar orasida qabul qilingan aholi soni va uning oʻsishi boylikdir, degan fikrga zid holda aholi oziq-ovqatning cheklangan taklifiga duch kelguniga qadar oʻsaveradi, aholi geometrik, oziq-ovqat mahsulotlari taklifi arifmetik progressiya boʻyicha oʻsadi, deb qaraydi. Aholi oʻsishini ijobiy (yaʼni oʻlimni koʻpaytirish orqali) — urushlar, epidemiyalar va boshqa yoki salbiy (tugʻilishni cheklash orqali) — ahloqiy cheklashlar, kech nikohga kirish va boshqa yoʻllar orqali nazorat qilish mumkin. M. oʻz fikrlarini "tuproq unumdorligining pasayib borishi qonuni" bilan asoslashga urinadi. M.ning ish haqi nazariyasi tirikchilik minimumga teng boʻlgan doimiy ish haqini nazarda tutadi. Lekin rivojlangan mamlakatlarda aholi ham, ish haqi ham, M.ning bashoratlariga zid holda, texnika ravnaqi tufayli oʻsib, daromadlarning oʻsishi darajasiga qarab tugʻilish pasayib bormoqda. M. javob berishga harakat qilgan muammolar hozirgi zamonda ham past rivojlangan mamlakatlarda dolzarb hisoblanadi. Bu mamlakatlarda tugʻilish koeffitsiyenti yuqori boʻlgan sharoitda tibbiyotni "import qilish" bilan rivojlangan mamlakatlardagi kabi past oʻlim koeffitsiyenti taʼminlanmoqda va, ayni paytda, bu mamlakatlarda qashshoqlik muammosi mavjud. Shuningdek, ayrim ekologlar jahon miqyosida aholining va sanoat ishlab chiqarishining oʻsishi resurslar taqchilligiga olib keladi, deb qaraydi.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |