Toʻqidoʻzon masjidi
Toʻqidoʻzon masjidi — Qarshi masjidi. Masjidga oid XVIII asr oxirlarida Amir Shohmurod va Amir Haydar davrlarida yozilgan uchta vaqf hujjati saqlanib qolgan[1]. Birinchi hujjatda: „Hijriy 1203-yili zulqaʼda oyida usta Boqi Xarrot (duradgor) oʻgʻli Nazarboy Nasaf shahri ichkarisidagi Toqidoʻzon guzari masjidi uchun Zulfiqor Qoʻrgʻonchasi mavzesida 2 tanob yerini shar’iy tarzda vaqf qiladi“. Ushbu masjid pishiq gʻishtdan qurilgan. Mazkur hujjatda mashhurligi uchun uning oʻrni koʻrsatilmagan. Voqif Ashur Muhammad oʻgʻli Shoh Muhammadni mutavalli etib tayinlaydi. Undan soʻng avlodlari davom ettirgan. Mutavalli vaqf hosilidan ushr olgan. Soʻngra masjid chirogʻi va toʻshamchilari uchun mablagʻ ajratilgan. Ortgani masjid imorati ehtiyojiga sarflangan. Qolgani uch qismga boʻlinib, imomga 2 va muazzinga 1 hissa ulush berilgan. Ikkinchi hujjatda: „Hijriy 1221-yili safar oyida usta Boqi Xarrot oʻgʻli Ashur Muhammad devonbegi viloyat darvozasi tashqarisida biru chorak (1,25) tanob bogʻini mazkur masjid uchun vaqf qiladi“. Mutavalli uning oʻzi, soʻngra bu vazifani avlodlari davom etirgan. Ulardan hech kim qolmasa, viloyat qozisi mutavalli boʻlgan yo oʻzi istagan kishini tayinlagan. Mutavalli ushr olgan. Uchinchi hujjatda: „Zohidxoja ogʻoliq qizi Bibi Soliha oyim hijriy 1229-yili shavvol oyida oʻzining eng yaxshi yer mulkini vaqf qiladi“. Ushbu vaqf mulki Nasaf shahri ichida joylashgan Chubin va Toʻqidoʻzon guzarlari masjidlari faoliyati uchun sarflangan. Mutavalli uning oʻzi boʻlgan. Vafot etsa, Tursunxoja oʻgʻli Isoxoja va soʻngra uning avlodlari bu vazifani bajargan. Agar bu avloddan hech kim qolmasa masjid imomi mutavalli boʻladi. Toʻqidoʻzon masjidi sovet davrida buzib yuborilgan[2].