Tojikiston Milliy banki
Tojikiston Milliy banki — Tojikistonning pul emissiyasida monopol huquqqa ega markaziy banki va oltin-valyuta zaxiralari saqlovchisi.
Bosh qarorgohi | Dushanbe shahri Roʻdakiy xiyoboni 107a-uy, 734003 |
---|---|
Tashkil etilgan yili | 21-fevral, 1991-yil |
Mulkchilik shakli | 100% Davlat mulki [1] |
Rais | Xoliqzoda Hokim Hikmatullo [2] |
Markaziy banki | Tojikiston |
Valyutasi | Somoniy |
Oltin-valyuta zaxiralari | $30 mln [1] |
Majburiy zaxira stavkasi | 11 % (6.02.2023 holatiga) |
Oʻtmishdoshi |
SSSR Davlat banki Tojikiston SSR Boshqarmasi Tojikiston Respublikasi Milliy banki |
Veb sayti | nbt.tj |
Tashkil etilishi
tahrirTojikiston Milliy banki 1991-yil 28-iyun kuni mamlakat Oliy Kengashi qarori asosida Sovet Ittifoqi Davlat bankining Tojikiston SSR Boshqarmasi bazasida tashkil etilgan. Bank 1991-yilda "Tojikiston Respublikasi Milliy banki" deb nomlangan, 1996-yilda esa oʻz nomini "Tojikiston Milliy banki" deb oʻzgartirdi. 1998-yil 23-may kuni Tojikiston parlamenti "Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida"gi Qonunni qabul qildi va qonun mamlakat prezidenti tomonidan imzolandi [3]. Milliy bankning vakolatlari asosiy qonunga binoan belgilanadi.
Maqsad va vazifalari
tahrirQuyidagilar Tojikiston Milliy bankining asosiy maqsadlari hisoblanadi:
- oʻz yurisdiktsiyasi doirasida barqaror narxlar darajasini saqlash;
- mamlakat bank tizimini rivojlantirish va mustahkamlash;
- toʻlov tizimining samarali va muntazam ishlashiga koʻmaklashish.
Tojikiston Milliy banki quyidagi vazifalarni bajaradi:
- Mamlakat pul-kredit siyosatini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
- Davlat bank va uning moliyaviy vakili vazifasini bajaradi;
- Iqtisodiy-moliyaviy tahlil oʻtkazadi, uning asosida Tojikiston hukumatiga takliflar kiritadi, tahlil natijalarini jamoatchilikka taqdim etadi;
- Banklarga va nobank kredit tashkilotlariga bank operatsiyalarini amalga oshirish uchun litsenziyalar beradi, ularning faoliyatini tartibga soladi va nazorat qiladi;
- Kredit tashkilotlari uchun bu oxirgi instansiya kreditori sanaladi;
- Tojikistonda toʻlov tizimlari, kliring, hisob-kitob va pul xizmatlarini tashkil qiladi, faoliyatini tartibga soladi va nazorat qiladi;
- Monopol huquq asosida pul muomalasini (emissiyasini) amalga oshiradi, uni muomalaga kiritadi va muomaladan chiqaradi;
- Ixtiyoridagi xalqaro resurslarni saqlaydi va boshqaradi;
- Tojikiston nomidan majburiyatlarni oʻz zimmasiga oladi va muvofik shartnomalarga muvofiq xalqaro munosabatlarning bank-valyuta munosabatlari sohasida Tojikistonda ishtirok etishdan kelib chiqadigan operatsiyalarni amalga oshiradi;
- Davlat toʻlov balansini tuzadi;
- Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa bank operatsiyalarini va boshqa majburiyatlarni amalga oshiradi.
Huquqiy holati
tahrirTojikistonning banklar faoliyatiga oid asosiy qonunlari "Tojikiston Milliy banki toʻgʻrisida"gi hamda "Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida"gi Qonunlari hisoblanadi. Milliy bankning huquqiy maqomi, tashkilliy tuzilmasi, asosiy vazifalari, davlat hokimyati organlari bilan oʻzaro munosabatlari, pul-kredit siyosati maqsadi va vositalari, tijorat banklari nazorati usuli va uslublari, kredit tashkilotlari qayta tashkil etilishi va faoliyatining tugatilishi, pul muomalasi va hisob-kitoblari tashkilotlari hamda regulyatorning boshqa vazifalari "Tojikiston Milliy banki toʻgʻrisida"gi Qonuni bilan tartibga solinadi.
Milliy banki Davlat mulki sanaladi va Tojikiston Respublikasi Oliy Majlisi Vakillar Majlisi (toj:Маҷлиси намояндагони Маҷлиси Олии) oldida hisobdor.
Vakolatlari
tahrirMilliy bank mustaqil yuridik shaxs boʻlib, oʻz vazifalarini ijrosini taʼminlash maqsadida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan tashkilotlar tashkil qilishi, bino-inshootlar yoki faoliyati uchun zarur boʻlgan boshqa mol-mulklarlar sotib olishi mumkin.
Milliy bank oʻzining Boshqaruvi qaroriga koʻra olinmagan Tojikiston Respublikasining har qanday majburiyatlari uchun javobgar emas.
Davlat Tojikiston Milliy bankining qonuniy mulk huquqi himoyasini kafolatlaydi va uning mulki, mablagʻi, moliyaviy vositalarini musodara qila olmaydi va ustav kapitalini kamaytira olmaydi.
Tojikiston Milliy banki oʻz faoliyatini mustaqil ravishda tashkil etadi va amalga oshiradi, oʻz vakolatlari, shuningdek, qonunan unga berilgan huquq bilan suveren hisoblanadi. Vakillar va ijro hokimyati Tojikiston Milliy banki va uning boʻlinmalarining qonun tomonidan berilgan faoliyatini amalga oshirishga aralashish huquqiga ega emas.
Tojikiston Milliy banki oʻz vakolatlari doirasida mamlakat ichida va xorijda filiallar va vakolatxonalar ochishi mumkin. Milliy bank xorijiy muassasalar, hukumatlar, moliya va bank muasasalar, shuningdek, Tojikiston Milliy banki va Tojikiston Respublikasi faoliyatida ishtirok etayotgan xalqaro tashkilotlarga bank xizmatlarini koʻrsatishi mumkin.
Milliy bank oʻz vakolatlari doirasida Tojikiston Respublikasi tamsilchisi sifatida oʻziga majburiyatlar olishi hamda xalqaro tashkilotlarda Tojikiston nomidan ishtirok etishi mumkin.
Tojikiston Milliy banki Tojikiston Oliy Majlisi Vakillar Majlisiga hisob beradi. Vakillar Majlisi Milliy bankning yillik hisobotlari va auditorlik xulosalarini tasdiqlaydi. Milliy bank raisi va oʻrinbosarlari Tojikiston Prezidenti tomonidan tayinlanadi.
Filial va vakolatxonalari
tahrirTojikiston Milliy bankining Xo‘jand, Boxtar, Ko‘lob, Xorug‘, Gʻarm shaharlarida 5 ta hududiy boʻlimi va Rossiya Federatsiyasida 1 ta xorijiy vakolatxonasi mavjud [4].
Tashkiliy tuzilmasi
tahrirTojikiston Milliy banki bosh qarorgohi Dushanbe shahri Roʻdakiy xiyobonida joylashgan. Bosh ofisda 8 ta departament, 10 ta boshqarma va 4ta boʻlim mavjud [5]:
- Ichki audit departamenti;
- Pul-kredit siyosati, tadqiqot departamenti;
- Bank nazorati departamenti;
- Pul muomalasi va kassa operatsiyalari departamenti;
- Xalqaro zaxiralarni boshqarish va valyuta siyosati departamenti;
- Axborot texnologiyalari departamenti;
- Moliyaviy barqarorlikni boshqarmasi;
- Buxgalteriya departamenti;
- Xodimlar departamenti;
- Moliyaviy bozorlar boshqarmasi;
- Xalqaro aloqalar boshqarmasi;
- Statistika va toʻlov balansi boshqarmasi;
- Xavfsizlik boshqarmasi;
- Toʻlov tizimlari boshqarmasi;
- Ishlar boshqarmasi;
- Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish departamenti;
- Sugʻurta nazorati boshqarmasi;
- Moliyaviy rejalashtirish va tahlil boʻlimi;
- Umumiy boʻlim;
- Matbuot boʻlimi;
- Yuridik boshqarmasi;
- Risk tahlili boʻlimi;
- Maxsus sektor;
- Xaridlar sektori;
- Moliyaviy monitoring departamenti;
- Ilmiy-tadqiqot instituti;
- „Bonkdori Taraqqiyot Jahonishavi“ jurnali;
- „Majmaai Xutalon“ oʻquv markazi.
Milliy valyuta
tahrirTojikiston Milliy banki 2000-yil 26-oktabrdagi 415-sonli prezident farmoni bilan mamlakat milliy valyutasi — somoniy (nominal qiymati 1, 5, 10, 20, 100 somoniy va qiymati 1, 5, 20, 50 dirham boʻlgan banknotlar) hamda 2001-yil 28-avgust va 3-sentabrdagi prezident farmonlari bilan qiymati 1, 3, 5 somoniy va 5, 10, 20, 25, 50 dirham boʻlgan tanga pullarni muomalaga chiqardi. Mazkur islohot bank tarmogʻini qayta tiklash, pul-kredit siyosatini oʻrnatish va milliy valyuta tizimini tashkil etish davrining mantiqiy yakuni boʻldi va Tojikiston iqtisodiyotining moliya sektorini rivojlantirish va takomillashtirish, kengaytirish va har tomonlama rivojlantirishga yordam berdi.
Yutuqlari
tahrir1997-yilda Tojikiston Milliy banki iqtisodiyotda toʻlov tizimini rivojlantirish maqsadida "Tojikiston Respublikasida pul oqimlari hisoboti jadvallarini shakllantirish" dasturi hamda "Elektron toʻlovlar tizimida banklararo hisob-kitoblarni tashkil etish toʻgʻrisida"gi Nizomni ishlab chiqdi va amaliyotga taqdim etdi. 1999-yil iyul oyida SWIFT xalqaro tashkilotiga aʼzo boʻldi va INTERNET tizimiga qoʻshildi, bu Tojikiston bank tizimida muhim voqea sanaladi.
BMT soʻrovlari
tahrir2021-yil fevral oyida BMT huzuridagi Ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan aholining moliya-kredit tashkilotlariga (MKT) ishonchi pasayib borayotganining sabablari, shartlari va omillarini aniqlash maqsadida Tojikiston aholisi oʻrtasida soʻrov oʻtkazildi. Respondentlar tomonidan berilgan javoblarning umumlashtirilgan ma’lumotlarini tahlil qilish asosida soʻnggi ikki yilda MKT xizmatlaridan foydalanuvchilarning ulushi 79,0 foizni tashkil etadi, degan xulosaga kelindi. Respondentlar asosan moliya institutlarining xizmatlaridan, xususan kredit olish, pul mablagʻlarini oʻtkazish, toʻlov kartasini olish, depozit qoʻyish va hisob ochishdan foydalanadi. Soʻnggi ikki yilda respondentlarning 21,0 foizi MKT xizmatlaridan foydalanmagan [6].
Adabiyotlar
tahrir- „Tojikiston Milliy banki toʻgʻrisida“gi Qonun. Dushanbe, 1996;
- „Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida“gi Qonun. №3. 2009-yil oktabr.
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 Weidner, Jan „The Organisation and Structure of Central Banks“ (PDF). Katalog der Deutschen Nationalbibliothek (2017).
- ↑ „Organisational structure“.
- ↑ История таджикского народа. Том VI. (Новейшая история). Душанбе:«Империал-Групп»,2011. С. 564.
- ↑ „Structure of the National Bank of Tajikistan“ (2023-yil 2-iyun). Qaraldi: 2023-yil 2-iyun.
- ↑ „Structure of the National Bank of Tajikistan“ (2023-yil 2-iyun). Qaraldi: 2023-yil 2-iyun.
- ↑ „Маводи таҳлилӣ доир ба “Муайян намудани сабаб, шароит ва омилҳои коҳиш ёфтани боварии аҳолӣ ба ташкилотҳои қарзии молиявӣ (ТҚМ)“ (tg). www.nbt.tj. Qaraldi: 16-iyun 2022-yil.
Havolalar
tahrir- Rasmiy sayti — Tojikiston Milliy banki rasmiy sayti